Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizasiya qilish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari viloyatni rivojlantirish uchun umumiy qiymati 30 milliard dollar bo‘lgan yangi tashabbuslar tayyorlanganini ma’lum qildi.
"Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kiradigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz", — dedi Prezident.
Ichimlik suvi va yo‘l infratuzilmasi
Viloyatda ichimlik suvi va kanalizasiya tizimini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki ishtirokida 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichiga qo‘shimcha 248 million dollar yo‘naltiriladi.
Natijada 1,7 million aholining suv ta’minoti yaxshilanib, 775 ming kishi kanalizasiya tizimiga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov darajasi 80 foizdan 95 foizga oshiriladi.
Prezident suv ta’minotida muammolar saqlanayotgan 55 ta mahallada ishlarni jadallashtirishni topshirdi.
Transport infratuzilmasida ham yirik loyihalar rejalashtirilgan. Joriy yilda A-380 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish yakunlanadi. Kelasi yil M-37 yo‘lining 69 kilometri yangilanib, Buxoro atrofida 4,5 kilometrlik aylanma yo‘l quriladi.
Samarqand va Buxoroni bog‘laydigan pulli avtomobil yo‘li hamda tezyurar poyezd uchun yangi temir yo‘l tarmog‘i barpo etish rejalashtirilmoqda. Yangi avtomobil yo‘li orqali safar vaqtini 5 soatdan 1,5 soatgacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Buxoroda 300 million dollarlik aeroport qurilmoqda
Yangi xalqaro aeroport bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 kilometrlik avtomobil yo‘li va avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lagi tashkil etiladi.
Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan ham aviaqatnovlarni ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, viloyatdagi 2 ming kilometr ichki yo‘l va 266 ta ko‘prikni ta’mirlash, jamoat transporti uchun yana 120 ta avtobus olib kelish vazifasi belgilandi.
Sayyohlar soni 7 millionga yetkaziladi
Joriy yilda Buxoroga 3,5 million xorijlik sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Prezident bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqishni topshirdi.
Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy maskanlar yagona turistik yo‘nalishga birlashtiriladi.
Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektarlik turizm markazi, Jalol Ikromiy mahallasida xalqaro kongress-xoll hamda Hilton va Holiday Inn mehmonxonalari barpo etilmoqda.
Buxoro tumanida esa 1000 gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasteri tashkil etiladi. Shaharning sakkizta markaziy ko‘chasi yangilanib, oltita xiyobon quriladi.
Kelasi yil viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Prezident besh yulduzli mehmonxonalar va yirik ko‘ngilochar majmualar yetishmasligiga e’tibor qaratdi.
Iqtisodiyot hajmi 100 trillion so‘mdan oshadi
Yig‘ilishda Buxoro iqtisodiyoti joriy yilda ilk bor 100 trillion so‘mlik marradan o‘tishi, o‘sish sur’ati 10,1 foizni tashkil etishi ma’lum qilindi.
Biroq iqtisodiyotda tabiiy resurslarga bog‘liq sanoat va qishloq xo‘jaligining ulushi hanuz 43 foiz bo‘lib qolmoqda. Xizmatlar sohasining ulushi esa so‘nggi o‘n yilda 33 foizdan 36 foizgacha o‘sgan.
Shu sababli ishlab chiqarishni diversifikasiya qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va tumanlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish vazifalari belgilandi.
Kelgusi uch yilda sanoat sohasida 28 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Ularning 17 milliard dollari neft-gaz va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizasiya qilish, Kogon tumanida neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Energetika va ijtimoiy sohadagi rejalar
Buxoroda qisqa muddat ichida qariyb 2000 megavatt quvvatli elektr stansiyalari ishga tushirilgan.
Kelgusi uch yilda yana 3100 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyalari va 1000 megavattlik energiya saqlash tizimlari quriladi. Shuningdek, 745 kilometr elektr tarmog‘i barpo etiladi.
To‘qimachilik sanoatida kelasi yil kamida 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish va eksport hajmini ikki baravar oshirish maqsad qilingan.
Ta’lim sohasida xususiy bog‘cha va maktablar soni ko‘paytiriladi. Maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb etish, oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim qamrovini ikki baravar kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Sog‘liqni saqlash tizimida esa joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinikada yangilash ishlari amalga oshirilgan. Prezident tibbiy xizmat sifatini oshirish va sohaga investisiyalar jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Olot tumani hokimi mukofotlanadi
Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev Olot tumani hokimi Nargiza Nematovaning hududni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish borasidagi faoliyatini alohida e’tirof etdi.
Prezident uni ko‘p yillik samarali mehnati uchun "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlashga qaror qilganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng davlat rahbari Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytdi.