AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington 2026 yil oxiridan Isroilga moliyaviy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Isroil bunday yordamga ortiq muhtoj emas, mamlakat qurol-yarog‘ni mustaqil sotib olish imkoniyatiga ega.
"Biz ularga 4 milliard dollar ajratganmiz, hozir ham ajratyapmiz. Ammo shu yilning oxirida bu to‘lovlar to‘xtatiladi", — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yordam pul mablag‘lari va turli mahsulotlardan iborat bo‘lgan. Shu bilan birga, Isroil bundan keyin ham Qo‘shma Shtatlardan qurol-yarog‘ sotib olishi mumkin.
Donald Tramp bu masalani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan bir necha yildan beri muhokama qilib kelayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, yordamni to‘xtatish masalasini Netanyahuning o‘zi ham ko‘targan.
Fox News'ning qayd etishicha, amaldagi kelishuvga ko‘ra, AQSh 2028 yilgacha Isroilga har yili qariyb 3,8 milliard dollar yordam ajratishi kerak. Costs of War Project tadqiqotiga ko‘ra, AQSh 2023 yil oktyabridan 2025yil oktyabrigacha Isroilga 21,7 milliard dollar harbiy yordam ajratgan.
2025 yil mart oyida AQSh davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp ma’muriyati 20 yanvardan buyon Isroilga qariyb 12 milliard dollarlik harbiy texnika yetkazib berishni ma’qullaganini bildirgan. Rubio o‘sha yilning yanvarida AQSh Isroil xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha uzoq yillik majburiyatlarini bajarishda davom etishini ta’kidlagandi. Shuningdek, u Isroilga qariyb 4 milliard dollarlik harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirish haqidagi hujjatni imzolagan.
AQSh va Isroil 1998 yildan buyon uzoq muddatli harbiy yordam bo‘yicha uchta o‘n yillik kelishuv tuzgan. Ularning so‘nggisi 2019–2028 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 38 milliard dollarni tashkil etadi.