Ukraina OAVlariga ko‘ra, Kiyev ostonasidagi yerto‘lalardan birida 30 ga yaqin erkak va 14 yoshli o‘smir saqlangan noqonuniy qamoqxona aniqlangan. Bu xabardan so‘ng g‘azablangan aholi voqea joyiga to‘planib, harbiylarning avtobusini ag‘darishga uringan va mutasaddilar bilan ommaviy to‘qnashuvlar yuz bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur “qiynoqxona”da asosan qismni o‘zboshimchalik bilan tark etgan harbiylar saqlangan hamda shafqatsiz kaltaklangan. Xususan, u yerdan qonga belangan holda olib chiqilgan 14 yoshli bola belkurak bilan urilgani ma’lum bo‘ldi.
Ukraina parlamenti deputati Artyom Dmitruk bunday yashirin qamoqxonalar butun mamlakat bo‘ylab mavjudligini va bu qonli jarayon hozirgi "safarbarlik" tizimining bir qismiga aylanib qolganini ta’kidlagan.
Holat yuzasidan Ukraina Davlat tergov byurosi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘z navbatida, ushbu mojaro ortidan ayrim yevropalik siyosatchilar Ukrainaga qurol hamda pul berishni to‘xtatishga chaqirmoqda.