Eron davlat televideniyesi efirida mamlakatga yadroviy zarba berilgan taqdirda fuqarolar nimalar qilishi kerakligi haqida ogohlantirish berildi.
Bu ogohlantirishlar AQSh Eronga yadroviy zarba berishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida yangradi. Avvalroq taniqli amerikalik jurnalist Taker Karlson AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning bosimi ostida Eronga yadroviy zarba berishi mumkinligini da’vo qilgandi.
Uning ta’kidlashicha, ehtimoliy nishon Pikaks tog‘idagi Eron yadroviy ob’ektlari bo‘lishi mumkin. Isroil razvedkasi Tehron ushbu hududda uranni boyitish dasturini qayta tiklaganini tasdiqlagan.
Bir paytlar Trampning eng ko‘zga ko‘ringan tarafdorlaridan bo‘lgan jurnalist ushbu ob’ekt mudofaasini teshib o‘tadigan boshqa qurol yo‘qligini, shu sababli “yadroviy zarba yagona variant” ekanini aytdi.