Polsha prezidenti Karol Navroskiy bir jinsli juftliklarning huquqiy maqomini kengaytirishga qaratilgan ikki qonun loyihasiga veto qo‘ydi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakat Konstitusiyasiga ko‘ra, nikoh erkak va ayol o‘rtasidagi ittifoq hisoblanadi va u ushbu maqomga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlay olmaydi.
Rad etilgan qonun loyihalari ikki nafar voyaga yetgan shaxsga notarial tasdiqlangan shartnoma orqali birgalikdagi mulk, meros, tibbiy ma’lumotlardan foydalanish va boshqa huquqiy masalalarni tartibga solish imkonini berishni nazarda tutgan.
Mazkur tashabbuslar bosh vazir Donald Tusk va hukmron koalisiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Tusk prezident qarorini tanqid qilib, uni fuqarolarning huquqlariga zid qadam deb baholadi.
Ayni paytda Polsha xorijda qonuniy rasmiylashtirilgan bir jinsli nikohlarni tan oladi. Biroq mamlakat hududida bunday ittifoqlarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalasi hali ham hal etilmagan.