Tashabbus Kaspiy dengizining sayozlashishiga qarshi kurashish va turkiy mamlakatlarning transport integrasiyasini mustahkamlashga qaratilgan, deb xabar beradi Kazinform.
ADOG kompaniyasi va Zira xalqaro porti Kaspiy va Qora dengizni bog‘laydigan yer osti tunnelini qurish tashabbusi bilan chiqdi. Loyihaga ko‘ra, diametri 10 metr bo‘lgan, Qora dengizni (Gruziya yoki Rossiya tomondan) Kaspiy dengizi bilan bog‘laydigan yer osti tunnelini qurish taklif qilinmoqda.
— Suv sathining tabiiy farqi tufayli Qora dengizdan suv nasoslarsiz, tortishish kuchi bilan Kaspiy dengiziga quyilishi mumkin bo‘ladi, — deyiladi kompaniya direktori, muhandis Musa Sulaymonovning rasmiy bayonotida.
Kompaniyaning xabar berishicha, bu tashabbus Kaspiy dengizining suv balansini barqarorlashtirishga qaratilgan bo‘lib, uning darajasi so‘nggi yillarda tez pasayib bormoqda. Bu qirg‘oqbo‘yi davlatlari, shu jumladan Qozog‘iston uchun jiddiy ekologik, iqtisodiy va infratuzilmaviy xavflarni keltirib chiqaradi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirish atrof-muhitning to‘liq monitoringi va biologik xilma-xillikni saqlash choralari bilan birga bo‘ladi. ADOG tashabbusni davlat darajasida ko‘rib chiqishni taklif qiladi.