Eron o‘z yadro ob’ektlariga hujum qilingan taqdirda, Isroil hududiga "qaqshatqich zarba" berishini bildirdi.
Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) rasmiy vakili general-mayor Ali Muhammad Naeini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda elita harbiy tuzilmasi matbuot xizmati.
"Agar bugun sionistik rejim o‘z adashuvi tufayli ahmoqlik qilib tajovuz qilishga jur’at etsa, shubhasiz, o‘zining zaif va kichik hududiga qaqshatqich va qat’iy javob oladi," - dedi Naeini.
Ushbu bayonot CNN telekanalining Isroil armiyasi Eronning yadro infratuzilmasiga zarba berishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlari fonida yangradi. AQSh hukumat doiralaridagi manbalarga ko‘ra, so‘nggi oylarda bunday zarba ehtimoli sezilarli darajada oshgan. Taxminlarga ko‘ra, Isroil shu yo‘l bilan Vashington bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarda Tehronga bosimni kuchaytirishga urinishi mumkin.