Rossiya Advokatlar uyushmasi raisi, Rossiya hukumatining sobiq raisi Sergey Stepashin Rossiya prezidenti maslahatchisi Anton Kobyakovning SSSRning tarqatilishi borasidagi fikriga qo‘shiladi.
"Huquqiy nuqtai nazardan Kobyakov haq. Bu huquqiy tushunmovchilikni e’tiborga olish kerak, ayniqsa, hozir biz Ukrainada nasistlarga qarshi kurashayotganimizda, kim bilan jang qilayotganimizni aniq bilish uchun," - dedi Stepashin RIA Novostiga, Kobyakovning SSSR xalq deputatlari qurultoyi tomonidan tashkil etilgani sababli, uni tarqatib yuborish ham deputatlar zimmasida bo‘lishi kerakligi haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan.
Kobyakov ilgari Belovej bitimini imzolagan oliy kengashlar bunday vakolatga ega bo‘lmaganligini aytgan edi.
Bir kun avval Federasiya Kengashining konstitusiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi raisi Andrey Klishas yuridik nuqtai nazardan Sovet Ittifoqi endi mavjud emasligini aytdi. Rossiyalik senator o‘zining Telegram-kanalida sobiq Sovet Ittifoqining huquqiy maqomi haqidagi munozaraga izoh berib, "Rossiyani SSSRning huquqiy vorisi deb hisoblash va shu bilan birga Ittifoqning o‘zi hali ham mavjud deb o‘ylash g‘alati bo‘lardi. Bunday qoida 2020 yilda Konstitusiyada mustahkamlab qo‘yildi.
1991 yil dekabr oyi boshida RSFSR prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk va Belorussiya Oliy Kengashi rahbari Stanislav Shushkevich Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tuzish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Muqaddimadan ma’lum bo‘ldiki, SSSR "xalqaro huquq sub’ekti va geosiyosiy voqelik" sifatida shu paytdan boshlab o‘z mavjudligini tugatadi. 1991 yil dekabr oyining oxirida Ittifoq parlamenti SSSRning parchalanishi to‘g‘risida deklarasiya qabul qildi.