Fransiyalik fermer Mishel Dyupon o‘z yeridan oltin yombilar topgani haqida Britaniyaning Mirror gazetasi xabar bermoqda.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, uning yerlarida 150 tonnaga yaqin oltin mavjud. Topilma 3 milliard funt sterling (4 milliard yevro) qiymatida baholanmoqda.
"Men shunchaki o‘z maydonimni odatdagidek tekshirayotgan edim. Birdaniga yerda g‘alati bir yaltirashni ko‘rib qoldim. Chuqurroq kovlaganimda, qo‘limda tutib turgan narsaga ishonolmay qoldim," - deydi fermer.
Fransiya hukumati vaziyatga darhol aralashib, fermerdan topilgan oltinni musodara qildi. Qonunga ko‘ra, bu oltin davlat mulkiga aylanishi kerak. Agar Dyupon o‘z maydonida qazishmalar o‘tkazmoqchi bo‘lsa, hokimiyatdan ruxsat olishi zarur bo‘ladi.
Dyuponning aytishicha, bu topilma tufayli uning fermasi atrofidagi yerlarni sotib olishni istaganlar paydo bo‘lgan - boshqa odamlar ham oltin topishga umid qilmoqda.
Mahalliy aholining fikri oltin yombilar tufayli ikkiga bo‘lindi. Ularning ayrimlari yaqin atrofda qimmatbaho metallarni ommaviy qazib olish boshlansa, ekologiyaga zarar yetishidan xavotirda. Bunday vaziyatni ijobiy baholovchilar ham mavjud, chunki bu holatda yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin.