Hududdagi o‘rinlar tugasa, milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish muddatidan oldin yopiladi.
Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda endilikda faqat ariza topshirish muddati emas, har bir hudud uchun ajratilgan o‘rinlar soni ham hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 411-son qaroriga ko‘ra, muayyan hududdagi barcha o‘rinlar band bo‘lsa, umumiy ro‘yxatdan o‘tish muddati tugamagan bo‘lsa ham, shu hudud uchun qabul to‘xtatilishi mumkin.
Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026 yilning sentyabr–dekabr oylariga jami 496 303 ta o‘rin ajratgan. Shundan sentyabrga – 125 753 ta, oktyabrga – 129 535 ta, noyabrga – 112 335 ta, dekabrga – 128 680 ta.
Yilning ikkinchi yarmida milliy sertifikat bo‘yicha 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida 11 ta imtihonda 255 217 nafar talabgor qatnashgan.
Agentlik yangi tartib imtihonlarni mavjud bino, texnika, xodimlar va nazorat imkoniyatlaridan kelib chiqib sifatli tashkil etish uchun joriy qilinganini bildirgan.
Shu sababli talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tishni oxirgi kunlarga qoldirmaslik tavsiya etiladi.