Bilim va malakalarni baholash agentligi ijtimoiy tarmoqlarda milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda belgilangan limitlar yuzasidan turli fikrlar bildirilgani ortidan rasmiy munosabat bildirdi.
Agentlik o‘rinlar soni talabgorlarni cheklash yoki yuqori natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishtirokchilar sonini sun’iy ravishda kamaytirish maqsadida belgilanmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi qarori bilan “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Unga muvofiq, test sinovlari o‘tkaziladigan joylar, hududlar kesimidagi o‘tirish o‘rinlari soni hamda imtihon sanalari belgilanadi.
2026 yilning sentyabr–dekabr oylarida jami 496 ming 303 ta o‘tirish o‘rni ajratilgan. Shundan sentyabr uchun 125 ming 753 ta, oktyabr uchun 129 ming 535 ta, noyabr uchun 112 ming 335 ta va dekabr uchun 128 ming 680 ta o‘rin belgilangan.
Shuningdek, milliy sertifikat imtihonlarini o‘tkazish davriyligi ham oshirilmoqda. Sentyabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jami 15 ta imtihon tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning sentyabr–dekabr oylarida jami 11 ta imtihon o‘tkazilgan va ularda 255 217 nafar talabgor qatnashgan.
Agentlikning bildirishicha, hududlar bo‘yicha o‘rinlar sonini belgilashdan asosiy maqsad mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalanish, hududlar bo‘yicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etishdan iborat.
Shuningdek, bunday yondashuv natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgani qayd etildi.