Germaniya kansleri Fridrix Mers Xitoy bilan yangi savdo mojarosini istamasligini, biroq Yevropa sanoatiga zarar yetkazayotgan iqtisodiy nomutanosibliklar yuzasidan Pekin bilan ochiq muloqot olib borish tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Bu haqda u Fransiya-Germaniya vazirlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy ham Yevropa bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolishdan manfaatdor, chunki taxminan 450 million aholiga ega Yevropa Ittifoqi bozori XXR uchun eng muhim bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
«450 million iste’molchiga ega Yevropa Ittifoqi XXR uchun eng muhim xorijiy bozor hisoblanadi. Shu bois, gap o‘zaro qaramlik haqida bormoqda», — deya ta’kidladi kansler.
Shu munosabat bilan Mers Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida konstruktiv va pragmatik muloqotni yoqlab chiqdi.
«Men hozirgi vaziyatning saqlanib qolishiga tayyor emasman, chunki bu bir tomonlama tartibda Yevropadagi ish o‘rinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi u.