Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe jarohatidan so‘ng tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.
Yakshanba kuni futbolchi Parijdan Madridga qaytib keldi. Unga safar davomida «qaymoqranglilar» shtabidan fizioterapevt va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy hamrohlik qildi. Jurnalist Fabris Xokinsning ma’lumotiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida hujumchi «Real» ixtiyorida mashg‘ulotlarni qayta boshlaydi.
Fransiyalik yulduz Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi birinchi bahsni aniq o‘tkazib yuboradi. Uning javob uchrashuvida maydonga tushish ehtimoli esa yaqin kunlarda o‘tkaziladigan tibbiy tekshiruvlar natijasiga qarab belgilanadi.
Kilian Mbappe «Real»ning so‘nggi uchta o‘yinini o‘tkazib yubordi. «Shaharliklar»ga qarshi bahslar 11 va 17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.