O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Qirg‘iz Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat agentligi direktori Eduard Kubatov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi qo‘shma turistik mahsulotlar va transchegaraviy yo‘nalishlarni shakllantirish hamda hududlar va biznes uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘izistonni Markaziy Osiyoning yagona turistik makonining muhim bo‘g‘inlari sifatida rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbuslarni ko‘rib chiqdilar.
Jumladan, oliy darajadagi tashrif doirasida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini imzolash, doimiy faoliyat yurituvchi O‘zbekiston–Qirg‘iziston turizm bo‘yicha ishchi guruhini tashkil etish, turistik ahamiyatga ega chegara o‘tish punktlarini birgalikda tahlil qilish hamda uyushgan turistik guruhlar uchun “Tourist Group Fast Track” mexanizmini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchinchi davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun muhim bo‘lgan chegara o‘tish punktlariga xalqaro maqom berish imkoniyatlarini o‘rganish, 2027 yil uchun xalqaro targ‘ibot ishlarining qo‘shma kalendarini shakllantirish va nufuzli xalqaro turistik ko‘rgazmalarda birgalikda ishtirok etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvda xalqaro moliyaviy institutlar va rivojlanish tashkilotlari ishtirokida qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasi bazasida qirg‘iz mutaxassislari uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ikki mamlakat turoperatorlari, mehmonxona va transport kompaniyalari ishtirokida muntazam B2B uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Qirg‘iziston delegasiyasining 2026 yil 25–27 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTYA–2026)da ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.