Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyevning AQSh muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner taqdim etgan takliflar haqidagi bayonotlarini «asossiz taxminlar» deb atadi.
Rossiyalik vazir Uitkoff va Kushner «Moskvaga olib kelgan, keyin esa Kiyevga yetkazgan» takliflarni izohlashdan bosh tortdi.
Lavrovning aytishicha, Rossiya diplomatik an’anasi jamoatchilikka oshkor etishga qaror qilingan ma’lumotlar bilangina cheklanishni taqozo qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Moskvada amerikalik muzokarachilar bilan o‘tkazilgan muhokamalar Donald Trampning Ukraina bo‘yicha pozisiyasiga asoslangan. Bu pozisiya Ukrainaga NATO a’zoligini taklif qilmaslik va joylardagi real vaziyatni tan olishni o‘z ichiga oladi.
Lavrov AQSh Ukrainadagi mojaroni tartibga solishning asosiy tamoyillarini tan olayotgani va shu yo‘nalishda foydali bo‘lishga harakat qilayotganini aytdi. Uning fikricha, bunday sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlashga loyiq.
«Amerikaliklar Rossiya bilan Ukraina masalasini muhokama qilganda, joylardagi real vaziyatdan kelib chiqmoqda. Shu bois Moskva muloqotni davom ettirishga tayyor», — dedi Lavrov.
Avvalroq Ukraina ommaviy axborot vositalari AQSh delegasiyasi taqdim etgani aytilayotgan tinchlik rejasining tafsilotlarini e’lon qilgan edi.
Ushbu xabarlarga ko‘ra, rejada Ukraina Qurolli kuchlarini Donbass va Zaporojye hududlaridan olib chiqish, u yerlarga BMT kontingentini joylashtirish, Kiyevning mazkur hududlarni kuch bilan qaytarib olish urinishlaridan voz kechishi hamda Ukrainaning NATO va boshqa harbiy ittifoqlarga a’zoligini istisno etuvchi betaraf maqomi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda Ukrainada saylov va referendum o‘tkazish, konstitusiyaga o‘zgartirish kiritish, Qurolli kuchlar sonini cheklash hamda til masalalari bo‘yicha kelishuvga erishish bandlari borligi aytilmoqda.
Biroq tinchlik rejasining ushbu bandlari hozircha rasman e’lon qilinmagan va tasdiqlanmagan.