Bugun 8 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Kanallarni betonlash suv sarfini qisqartiradi

Kanallarni betonlash suv sarfini qisqartiradi

Yil yilga o‘xshamayapti. Bir necha yilning ketma-ket qurg‘oqchil kelishi qishloq xo‘jalik ekin maydonlarini tizimli sug‘orish ishlariga ham salbiy ta’sir etmay qolmaydi. Ya’ni oqova suv hajmi yildan yilga kamayib bormoqda. Ekiladigan ekin turlari esa yil sayin oshmoqda. Albatta, bunday holda oqova suvdan oqilona, tejab foydalanish juda muhim.

Ma’lumki, yurtimizdagi qishloq xo‘jalik ekin maydonlariga boruvchi kanal va ariqlarning katta qismi betonlashtirilmagan. Shuning hisobiga ulardan oqib o‘tuvchi suvning yerga sizib ketishi natijasida sarfi yuqori bo‘ladi. Buning oldini olish maqsadida joriy yilgi mavsum oldidan dala chetidagi ariqlar va kanallarni keng miqyosda betonlash ishlari boshlab yuborilgan.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida suv xo‘jaligi tashkilotlariga qarashli 256 ta 2 ming 476 kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanallar mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kanallarning 1 ming 502 kilometr qismi betonlashtirilgan.

Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 20,4 ming kilometr ichki kanallar mavjud bo‘lib, shundan 6,2 ming kilometr lotok, 2,2 ming kilometr beton qoplamali, 864 kilometr yopiq tarmoqlar va 11,1 ming kilometr (54 %) qismi tuproq o‘zanli suv yo‘llari hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi 406 kilometr (35 ta) kanalni bosqichma-bosqich betonlashtirish topshirig‘i berilgan.

– Qaror ijrosi bo‘yicha viloyatda 2024 yili suv xo‘jaligida “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi, – deydi Amu-Qashqadaryo irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi Suv xo‘jaligini rivojlantirish va strategik tahlil qilish bo‘yicha bosh mutaxassis Feruz Toshmurodov. – Bu borada suv xo‘jaligi tashkilotlarining buyruqlari chiqarilib, tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi doimiy ishlaydigan viloyat va tuman shtablari tashkil etildi. Yuqoridagi qaror bo‘yicha viloyatda suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi 406 kilometr (35 ta) kanalni bosqichma-bosqich betonlashtirish belgilangan. Bunda 2024 yili Respublika byudjetidan 100 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 90 kilometr (9 ta) kanal davlat dasturi asosida betonlashtiriladi va Xitoy Xalq Respublikasining 54 million AQSh dollar imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan 316 kilometr (26 ta) kanal betonlashtiriladi.

Mutaxassisning ma’lum qilishicha, 2024 yil davlat dasturidagi 90 kilometr (9 ta) kanalni betonlashtirish bo‘yicha loyihachi, pudratchi tashkilotlar tanlab olingan va loyiha bo‘yicha dala qidiruv ishlari yakunlangan. 6 ta kanalning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi va 3 ta kanalning loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Hozir ob’ektlarga 47 ta mashina-mexanizm ishga jalb qilingan va barcha ob’ektlarda ishlar boshlangan. Jami 9,2 kilometr tuproq va 600 metr betonlashtirish ishlari bajarildi.

Jumladan, Koson tumanidagi “R-24”, “R-26” kanallari bo‘yiga pudratchi “To`palang HPD Holding” MCHJning 2 ta beton tayyorlash zavodi keltirilib montaj qilindi. 2,9 kilometr kanalda tuproq va 140 metr betonlashtirish ishlari bajarildi. Kasbida “Denov-Novqat” kanalida pudratchi tashkilot tomonidan 0,1 kilometr kanalda tuproq ishlari amalga oshirildi. Mirishkorda “25-X-3-3”, “UR11-1” kanallarida pudratchilar tomonidan 4,4 kilometr kanalda tuproq va 300 metr betonlashtirish ishlari bajarildi. Chiroqchi “Davr” kanalida pudratchi tomonidan 0,05 kilometr kanalda tuproq ishlari, Ko‘kdalada “Umakay”, “Chiyal-2”, “Arabbandi” kanallarida pudratchi korxonalar tomonidan 1,8 kilometr kanallarda tuproq va 160 metr betonlashtirish ishlari uddalandi.

– 316 kilometrlik 26 ta kanalni betonlashtirish tadbirlari Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Enginiring Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar tarkibiga kiritildi, – deydi F.Toshmurodov. – Dastlabki qiymat 54 million AQSh dollar. Hozir hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib, kelishilmoqda. Bundan tashqari, qarorda Qamashi va G‘uzor tumanlaridagi 25 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida “Paxtaobod” kanalini modernizasiya qilishga Jahon bankining zarur mablag‘larini jalb qilish va muzokaralarni amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda qiymati 40 million AQSh dollari bo‘lgan mazkur yirik loyihani Jahon banki ishtirokida “Milliy irrigasiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida amalga oshirish belgilangan. Qamashi va G‘uzor tumanlariga xizmat qiluvchi “Paxtaobod” kanali modernizasiya qilish bo‘yicha hozir Turkiyaning “Temelsu International Engineering Services Inc.,” kompaniyasi tomonidan loyihaning birlamchi hujjatlari (loyihasi, texnik iqtisodiy asoslari) ishlab chiqilmoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi va Jahon banki bilan hamkorlik to‘g‘risida muzokara olib borilmoqda.

Qo‘shimcha qilib aytish joizki, hududlarda faoliyat yuritayotgan klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ham kanal va ariqlarni betonlash ishlari bajarilmoqda. Maqsad suv sarfini kamaytirish va boridan unumli foydalanishdir.

Kiritildi: 15:41 14.01.2024. O'qildi: 4015 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!