Kanadada davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli hosil bo‘lgan tutun AQShning sharqiy qirg‘oqlarigacha yetib bordi va 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati finali o‘tkaziladigan Nyu-York shahrini ham qopladi.
Bloomberg agentligi Oq uydagi manbalariga tayanib xabar berishicha, FIFA final uchrashuvini qoldirish masalasini AQSh prezidenti ma’muriyati bilan norasmiy tarzda muhokama qilgan. Biroq hozircha rasmiy qaror qabul qilinmagan va o‘yin 19 iyul kuni rejaga muvofiq o‘tkazilishi kutilmoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Kanadadagi Buyuk ko‘llar hududidagi yong‘inlardan chiqqan tutun AQShning O‘rta G‘arbidan shimoli-sharqiy qismigacha tarqalgan. Ontario ko‘li yaqinidagi Kollinz mahalliy aholi qo‘riqxonasida yong‘inlar tufayli odamlar qayiqlar orqali evakuasiya qilingan, ayrim lagerlar esa butunlay yonib ketgan.
Mutaxassislar keng ko‘lamli yong‘inlarni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Ularning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda havo haroratining ko‘tarilishi o‘rmonlarni quritib, yoz oylarida yong‘inlar xavfini keskin oshirgan.
Associated Press xabar berishicha, AQSh shimolida millionlab odamlar havodagi tutun sababli nafas olishda qiynalmoqda. Vashington shahrini ham qalin tutun qoplagan, Nyu-Yorkda esa 17 iyul kuni Manhetten osmon chizig‘ini qisman to‘sgan to‘q sariq tuman kuzatilgan. Sinoptiklar tutun yana kamida bir hafta saqlanishi mumkinligini aytmoqda.
Shu munosabat bilan AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadani o‘rmonlarni samarasiz boshqarishda ayblab, Kanada tovarlariga qo‘shimcha tariflar joriy etish bilan tahdid qildi.
Kanada bosh vaziri Mark Karnining matbuot xizmati hozircha bu bayonotga rasmiy javob bermagan. Biroq u avvalroq AQShning iqlim siyosatidagi o‘zgarishlar issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishi va neft ishlab chiqarishning kengayishiga olib kelganini ta’kidlab, Vashingtonni global isishga qarshi kurashni yana faollashtirishga chaqirgan.