Kabo-Verdening Fogu orolida maktab o‘quvchilari va o‘smirlarni olib ketayotgan avtobus 30 metrlik jarlikka qulab ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 25 kishi halok bo‘lgan.
BILD xabariga ko‘ra, avtobusda jami 32 kishi bo‘lgan. Ular yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan Ponta-Verde sohiliga ketayotgan edi.
Hodisa orol shimolidagi serburilish sohil yo‘lida sodir bo‘lgan. Noma’lum sababga ko‘ra, avtobus yo‘l to‘sig‘ini buzib o‘tib, qoyalar ustiga qulab tushgan.
Qutqaruv ishlari hududning borish qiyin bo‘lgan joyda ekani sababli murakkab kechmoqda. Qutqaruvchilar hodisa joyiga piyoda tushib borishga majbur bo‘lgan. Ayrim yo‘lovchilar avtobus bo‘laklari orasida qisilib qolgan, ba’zilari esa tashqariga otilib ketgan.
Og‘ir jarohat olgan bir necha kishi shifoxonaga yetkazilgan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda.
Mahalliy rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini istisno qilmayapti.