Bu haqda Forbes xabar berdi.
Britaniyaning UK Antarctic Heritage Trust fondi Antarktidadagi sobiq Port-Lokroy tadqiqot stansiyasida ishlash uchun xodimlar izlamoqda. Ularning vazifalariga pingvinlar koloniyasini kuzatish, muzey hamda suvenirlar do‘koniga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, dunyoning eng janubiy pochta bo‘limida ishlash kiradi. Oylik maosh 2 096 funt sterlingga (taxminan 2 500 yevroga) yetadi.
Ish olti oyga mo‘ljallangan bo‘lib, jiddiy jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi. Xodimlar 20 litrli suv idishlarini tashishi, og‘irligi 15 kilogrammgacha bo‘lgan qutilarni ko‘tarishi, qorni tozalashi va sirpanchiq qoyalar yonidagi qayiqlardan yuklarni tushirishi kerak. Stansiyada suv quvuri, mobil aloqa va tibbiy yordam mavjud emas.
Xodimlar odatda haftasiga bir marta dush qabul qiladi va 14-15 daraja haroratga ega umumiy yotoqxonada yashaydi. Tashkilot turar joy, ovqatlanish va issiq kiyim bilan ta’minlaydi, xodimlar soliqlarni mustaqil to‘laydi.