Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Jizzaxda tungi klublarning 500 ga yaqin reklama roligi qonunga zid deb topildi

Jizzaxda tungi klublarning 500 ga yaqin reklama roligi qonunga zid deb topildi

Jizzaxdagi tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan 500 ga yaqin reklama roliklari qonun talablariga zid deb topildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2026 yilning sentyabr–oktyabr oylarida Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan reklamalari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Xususan, Jizzax Leader Food MCHJ hamda “Aziz bog‘ishamol klub” MCHJga qarashli tungi klublarning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga joylashtirilgan reklama materiallari tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida mazkur sahifalardagi 500 ga yaqin videorolikda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid bo‘lgan tasvir va obrazlardan foydalanilgani aniqlandi.

Ushbu holatlarga huquqiy baho berish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Jizzax viloyati bo‘limiga murojaat qilindi. Ular tomonidan taqdim etilgan xulosaga muvofiq, mazkur reklamalar “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi talablariga zid ekani belgilandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida har ikki tungi klubning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalaridagi qonunchilik talablariga zid reklama materiallari olib tashlandi.

“Natijada mazkur sahifalarning jami 120 mingdan ortiq obunachisi nomaqbul reklama materiallari ta’siridan himoyalandi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Raqobat qo‘mitasi reklama tarqatuvchilar va reklama beruvchilarni amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga, reklama materiallarini joylashtirishda milliy qadriyatlar hamda jamiyatda e’tirof etilgan axloq normalarini inobatga olishga chaqirdi.

Kiritildi: 14:45 16.11.2026. O'qildi: 673 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik