Bu yil Yevropa va dunyoning boshqa hududlarini qamrab olgan ekstremal issiq to‘lqinlari tobora vayronkor tus olmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yil boshidan buyon Yevropada yuqori harorat sabab qariyb 20 ming kishi vafot etgan. Anomal issiqlik qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va mehnat bozoriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Eng og‘ir vaziyat Germaniyada kuzatilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, issiqlik oqibatida 9,8 mingdan ortiq kishi vafot etgan bo‘lib, ularning aksariyati 75 yoshdan oshganlardir. Fransiyada iyun oyidagi issiq to‘lqini qariyb 5,7 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. To‘rt marta ekstremal issiqlikni boshdan kechirgan Buyuk Britaniyada esa qurbonlar soni qariyb 2,9 ming nafarga yetgan.
AQShda iyul oyida ekstremal issiqlik haqidagi ogohlantirishlar 40 milliondan ortiq aholini qamrab olgan. Janubiy Koreyada yuqori harorat tufayli 19 kishi halok bo‘lgan, Yaponiyada esa bir hafta ichida 18 mingdan ziyod odam shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 45 nafari keyinchalik vafot etgan. Tokiodagi Tama hayvonot bog‘ida issiq urishi oqibatida uchta sher nobud bo‘lgan.
Olimlar bunday hodisalarning tez-tez takrorlanishini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. World Weather Attribution xalqaro tashabbusi ma’lumotlariga ko‘ra, global isish ekstremal ob-havo hodisalari ehtimolini sezilarli darajada oshirgan va yirik o‘rmon yong‘inlariga sharoit yaratmoqda. Bu yil Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yong‘inlar 460 ming gektardan ortiq hududni yo‘q qilgan, Kanadada esa yongan maydon qariyb 6 million gektarga yetgan.
Yuqori harorat iqtisodiyotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Britaniyaning ECIU tahlil markazi bahosiga ko‘ra, faqat iyun oyidagi issiqlikning o‘zi Yevropada don hosilini qariyb 2 milliard yevroga qisqartirishi mumkin. Eng katta yo‘qotishlar Fransiya va Vengriyada kutilmoqda.
Fransiyada issiqlik tufayli uchta atom reaktori vaqtincha to‘xtatilgan. Buyuk Britaniyada esa mamlakat hududining yarmida qurg‘oqchilik e’lon qilingan. Iyul oyi kuzatuvlar tarixidagi eng quruq oy bo‘lib, hukumat suvdan foydalanish bo‘yicha cheklovlar joriy etgan.
Shu bilan birga, Yevropaning muhim savdo yo‘llaridan biri hisoblangan Reyn daryosida suv sathi rekord darajada pasayib, yuk tashish ishlarini qiyinlashtirgan.