Ispaniyaning Valensiya avtonom hududidagi Kastelyon provinsiyasining Sonexa hududida yuzaga kelgan yirik o‘rmon yong‘ini sababli qariyb 500 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuasiya qilindi.
Yong‘in yakshanba kuni tushdan keyin boshlangan bo‘lib, uning tez tarqalishi ortidan keng ko‘lamli favqulodda qutqaruv amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hududga ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar brigadalari, maxsus texnikalar va yong‘in o‘chirish samolyotlari safarbar etilgan.
Voqea joyidan olingan videolarda yong‘in o‘chirish samolyotlari alangalangan tepaliklar ustiga suv tashlayotgani, yer ustidagi qutqaruv guruhlari esa yo‘llar, avtomobillar va turar-joylar yaqinidagi yong‘inni jilovlashga uringani aks etgan. Yong‘in hududi ustida qalin tutun ko‘tarilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, notekis tog‘li relyef va issiq ob-havo yong‘inni o‘chirish ishlarini yanada murakkablashtirmoqda.
Ayni paytda Janubiy Yevropaning boshqa hududlari, jumladan Portugaliya va Gresiyada ham o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. Qutqaruv xizmatlari bir vaqtning o‘zida bir nechta yong‘in o‘choqlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.