Evropa Ittifoqi Xitoydan import hajmining keskin oshishi va bu Evropa sanoatiga bosimni kuchaytirishi sababli Pekinga nisbatan savdo siyosatini qat’iylashtirmoqchi. Bu haqda Polsha xalqaro munosabatlar instituti (PISM) ma’lum qildi.
2025 yilda Evropa Ittifoqining Xitoy bilan savdodagi taqchilligi rekord darajaga — 360 milliard evroga etgan. Shu munosabat bilan Evropa etakchilari savdoni himoya qilish mexanizmlaridan faolroq foydalanish va yangi choralarni ishlab chiqishga kelishib olgan.
Jumladan, ayrim eksportchilarning Evropa Ittifoqi yagona bozoriga kirishini tezkor cheklash imkonini beruvchi mexanizmni joriy etish rejalashtirilmoqda. Evropa komissiyasi dekabr oyida ayrim etkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan DiversifyEU tashabbusini taqdim etishi kutilmoqda.
PISM baholashicha, Xitoy importining o‘sishi Evropa ishlab chiqaruvchilariga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu korxonalarning yopilishi, ish o‘rinlarining qisqarishi va Xitoy mahsulotlariga qaramlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Pekinning javob choralaridan xavotirlangan Germaniyaning pozisiyasi o‘zgarishi Evropa Ittifoqiga savdo siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishishda yordam bergan.
Institutning fikricha, Xitoy ham javob choralarini ko‘rishi mumkin. Xususan, kamyob er metallari eksporti ustidan nazoratni kuchaytirish yoki Evropa tovarlariga bojlarni oshirish ehtimoli bor.
Bu esa Evropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida savdo urushi boshlanishi xavfini yuzaga keltirmoqda.