Evropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainadagi mojaro munosabati bilan Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini kelishib oldi. Yangi cheklovlar energetika, moliya, kriptovalyuta sohasi va savdoni qamrab oladi.
Evropa Kengashi raisi Antoniu Koshtaning ma’lum qilishicha, yangi paket doirasida Rossiyaning 32 ta banki, bir qator kriptovalyuta kompaniyalari hamda «yashirin flot» faoliyatiga yordam berayotgan kemalarga nisbatan sanksiyalar joriy etiladi.
Kelishuvga muvofiq, Rossiya xom nefti uchun belgilangan maksimal narx barreliga 44 dollar miqdorida yana 12 oy saqlab qolinadi. Bu neft narxi o‘sgan taqdirda limitning avtomatik oshishi va Rossiyaning qo‘shimcha daromad olishining oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, paket Rossiyaning moliya va kriptovalyuta sektorlariga qarshi yangi cheklovlar hamda o‘nlab rossiyalik amaldorlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni nazarda tutadi. Biroq ayrim takliflar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning e’tirozlari sababli chiqarib tashlangan yoki keyinga qoldirilgan.
Xususan, Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan rossiyalik harbiylarning Yevropa Ittifoqiga kirishini keng ko‘lamda taqiqlash taklifi hozircha ortga surildi. Ittifoq mamlakatlari bu tashabbus ustida keyinchalik ishlashga kelishib oldi.
Diplomatlar ma’lum qilishicha, paketni tasdiqlashdagi so‘nggi to‘siq Gresiyaning pozisiyasi bo‘lgan. Afinaga tegishli istisno asosida grek kemachilik kompaniyalaridan biri Rossiyaning Arktikadan suyultirilgan tabiiy gazini tashishni davom ettira oladi.
Bundan tashqari, Bolgariya Moskva va butun Rus patriarxi Kirillni aktivlarini muzlatish va Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlashni nazarda tutuvchi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga qarshi chiqdi. Portugaliya va Fransiya esa Rossiyadan treska hamda Alyaska mintayi importini taqiqlash taklifini qo‘llab-quvvatlamadi.
Evropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, sanksiyalar Rossiyaning harbiy harakatlari iqtisodiy asoslarini zaiflashtirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, diplomatlar 21-paketdan keyin Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaydigan yangi sanksiyalarni kelishish tobora qiyinlashayotganini qayd etmoqda.