Evropa komissiyasi TikTok platformasida voyaga yetmagan foydalanuvchilar akkauntlari Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) talablariga mos kelmasligi bo‘yicha dastlabki xulosalarini kompaniyaga yubordi.
Evrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda voyaga yetmaganlar o‘z akkauntlarini ochiq holatda qoldirishi mumkin. Bu esa ularning videolari hatto TikTok foydalanuvchisi bo‘lmagan shaxslar uchun ham ochiq bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, 16–17 yoshli o‘smirlar kontenti istalgan foydalanuvchilarga tavsiyalar orqali chiqishi mumkin.
Komissiya bu holat bolalarning jinoyatchilar, kiberbulling bilan shug‘ullanuvchilar va ta’qib qiluvchilar e’tiboriga tushishi xavfini oshirishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, hatto akkaunt xususiy qilingan taqdirda ham, profil surati platformadan tashqaridagi shaxslar uchun ko‘rinib turadi.
Evrokomissiya ekspertlari fikricha, voyaga yetmagan foydalanuvchilarning kontenti sukut bo‘yicha faqat ular ruxsat bergan obunachilarga ko‘rinishi kerak. Kattaroq yoshdagi o‘smirlar uchun kengroq auditoriyaga kontent taqdim etish imkoniyati bo‘lishi mumkin, ammo u faqat TikTok foydalanuvchilari bilan cheklanishi lozim.
TikTok mazkur dastlabki xulosalarga yozma javob taqdim etadi. Agar tekshiruv yakunida qonun buzilgani tasdiqlansa, kompaniya Yevropa Ittifoqi qoidalarini buzgan deb topilishi va yirik jarimaga tortilishi mumkin.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya ham TikTok’da voyaga yetmagan foydalanuvchilar himoyasi bo‘yicha alohida tekshiruv boshlagan.