Boyitilgan uran Eronning milliy boyligi hisoblanadi va ichki ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan. Shu sababli Tehron uni mamlakat tashqarisiga olib chiqishga rozi bo‘lmaydi.
Bu haqda Eron Islom Respublikasi Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiy Al Mayadeen telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
«Biz Erondan boyitilgan yadroviy materialning hatto zarrachasi ham olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya ta’kidlagan Rizoiy.
Uning qayd etishicha, Eron hukumati Rossiyaning tashabbusiga javoban boyitilgan uranni mamlakat hududida saqlab qolish haqidagi qarorini avvalroq Moskvaga ma’lum qilgan.
«Biz rossiyalik do‘stlarimizga boyitilgan uran Eronda qolishini va undan o‘zimiz foydalanishimizni ma’lum qildik», — degan Rizoiy.
Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibining tushuntirishicha, yadroviy yoqilg‘i loyihalashtirilayotgan atom kemalari va suvosti kemalari uchun kerak bo‘ladi.
Shuningdek, u AQShni ogohlantirib, Eronga qarshi yangi hujum amalga oshirilsa, bunga Amerika harbiylarining uzoqda joylashgan bazalariga zarbalar bilan javob qaytarilishini bildirgan.
Rizoiy intervyu davomida AQShning Qatarda muzokaralar olib borilayotgani haqidagi da’volarini ham rad etib, ularni «mutlaq yolg‘on» deb atagan.
U avval bildirgan pozisiyasini takrorlab, Vashington Eronning yettita shartini bajarmaguncha AQSh bilan muloqot olib borish imkonsizligini ta’kidlagan. Ushbu shartlar qatoriga barcha frontlarda urushni to‘xtatish, muzlatilgan mablag‘larni qaytarish va dengiz blokadasini bekor qilish kiradi.