Bloomberg xabariga ko‘ra, Rossiyaning xalqaro hisob-kitoblarda dollar o‘rnini Xitoy yuani bilan egallashga bo‘lgan urinishlari AQShning ikkinchi darajali sanksiyalari xavfi sababli jiddiy to‘siqlarga duch keldi. Rossiya Banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya eksporti to‘lovidagi yuan ulushi 2024 yil o‘rtalaridagi eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravarga kamayib, 22% ni tashkil etmoqda.
2024 yil iyun oyida AQSh sanksiyalari kengaytirilgach, Xitoy banklari Vashington tomonidan cheklovlarga tushishdan xavotirlanib, Rossiya kompaniyalarining to‘lovlarini ushlab qolish va qaytarishni boshladi. Oqibatda Osiyo mamlakatlari bilan savdodan tushadigan eksport tushumida rubl ulushi 69% ga yetdi. Biroq bu transchegaraviy to‘lovlar muammosini to‘liq yechmaydi — Rossiya kompaniyalari vositachilardan va uchinchi davlatlar orqali o‘tkazmalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. STT Logistics ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy bilan to‘lovlarning umumiy xarajatlari (komissiyalar bilan birga) endilikda bitim summasining o‘rtacha 15–20% ini tashkil etmoqda.
2024 yil o‘rtalarigacha yuan nafaqat Xitoy bilan savdoda, balki uchinchi mamlakatlar bilan hisob-kitoblarda ham faol ishlatilgan bo‘lsa, 2025 yil oxiriga kelib bu tendensiya o‘zgardi: Rossiya bu kabi operasiyalarda oladiganidan ko‘ra ko‘proq yuan sarflay boshladi.
SWIFT tizimida Xitoy valyutasi to‘lovlar ulushi bo‘yicha beshinchi o‘ringa tushib ketdi. Piterson nomidagi Xalqaro iqtisodiyot instituti to‘ng‘ich ilmiy xodimi Martin Chorzempaning ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida yuanning xalqaro miqyosda keng tarqalishiga berilgan turtki o‘z kuchini yo‘qotdi.