Moskva viloyatidagi «Krokus siti xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha sudlanganlarning advokatlari bergan shikoyatlar Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi tomonidan Vlasixadagi Apellyasiya harbiy sudiga yuborildi.
Bu haqda TASS agentligiga sud jarayoni ishtirokchilaridan biri ma’lum qilgan.
Apellyasiya instansiyasiga jinoyat ishi materiallarining 500 dan ortiq jildi topshirilgan. Shuningdek, jabrlanuvchi tomonning shikoyatlari ham yuborilgan.
Hujjatlar yaqin vaqt ichida apellyasiya instansiyasida ro‘yxatga olinadi, shundan so‘ng ularni ko‘rib chiqish sanasi belgilanadi. Sud majlislari yopiq tarzda o‘tkaziladi.
«Hukm ustidan sudlanganlarni himoya qiluvchi advokatlar tomonidan berilgan apellyasiya shikoyatlari, shuningdek, jabrlanuvchilar advokatlarining shikoyatlari keyingi ko‘rib chiqish uchun yuborildi», — deyiladi xabarda.
12 mart kuni Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi «Krokus siti xoll»dagi terakt ishi bo‘yicha hukmni e’lon qilgan edi. Teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi va ularning 11 nafar sherigi umrbod ozodlikdan mahrum etilgan. Yana to‘rt nafar sherigi 19 yil 11 oydan 22 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Barcha ayblanuvchilarga 500 ming rubldan 2,7 million rublgacha jarima ham tayinlangan.
«Krokus siti xoll»dagi terakt 2024 yil 22 mart kuni sodir bo‘lgan. Qurollangan hujumchilar konsertga kelganlarga qarata o‘q uzib, binoga o‘t qo‘ygan. Oqibatda 140 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan, yana 600 kishi jarohatlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujum Rossiyada taqiqlangan terrorchilik guruhi tarafdorlari tomonidan tayyorlangan.