Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Elektrotexnika sanoatida yangi texnologiyalar va ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifalari belgilandi

Elektrotexnika sanoatida yangi texnologiyalar va ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifalari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va investorlar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Unda so‘nggi yillarda tarmoqda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, keyingi o‘n yilda elektrotexnika sanoatiga 2 milliard dollar investisiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada joriy yilda tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 1,7 trillion so‘mni tashkil etgan. Investisiyalar hajmi 600 million dollarga, eksport esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. O‘tgan davrda eksport 14 barobar o‘sdi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari erishilgan natijalar mavjud salohiyat va imkoniyatlarga nisbatan yetarli emasligini ta’kidlab, tarmoqni yanada jadal rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bunda elektrotexnika sanoatining asosiy xomashyolaridan biri bo‘lgan mis ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 3-mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmini 300 ming tonnaga, 2030 yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari barpo etilayotgani, hududlarda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani elektrotexnika mahsulotlariga talabni yanada oshirmoqda. Kelgusi o‘n yilda hamkorlar bilan 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta va uzoq muddatli bozorni shakllantiradi. Yurtimizdagi mis va muhim minerallar zaxiralari, salohiyatli yoshlar, tajribali tadbirkorlar hamda hamkorlikka tayyor investorlar imkoniyatlarini yangi texnologiyalar va ishlanmalar bilan birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezident elektrotexnika sanoatining navbatdagi bosqichi ishlab chiqarish quvvatlarini shunchaki ko‘paytirish emas, balki katta texnologik sakrashni amalga oshirishdan iborat bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Xususan, 2030 yilgacha energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Xorijiy hamkorlar ushbu loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga tayyor. Biroq buning uchun zarur bo‘lgan ayrim uskunalar hozircha mamlakatimizda ishlab chiqarilmayapti. Shu sababli yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va mahalliylashtirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Muloqotda videokuzatuv uskunalarini ishlab chiqarish istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda savdo majmualari, korxonalar, turar joylar va ko‘chalarda bunday qurilmalarga talab ortib bormoqda. Ichki bozorning yillik ehtiyoji 200 million dollarni tashkil etsa, qo‘shni mamlakatlar bozorini hisobga olganda bu ko‘rsatkich 600 million dollardan oshadi. Hozirda Buxorodagi «Digital Security» va Samarqanddagi «Samvision» korxonalari o‘z dasturiy ta’minoti asosida yiliga 2 mingta videokamera ishlab chiqarmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni ko‘paytirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish zarurligini ta’kidladi. Bunda yangi texnologiyalarni joriy etish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirish elektrotexnika sanoatining kelgusi rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.

Kiritildi: 14:13 09.11.2026. O'qildi: 590 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik