Bugun 5 avgust, 2025 yil, seshanba

КИР

DXX ogohlantiradi! "A.U.E.": Yoshlar va mehnat muhojirlari hayotini vayron qiluvchi xavfli tuzilma

DXX ogohlantiradi! "A.U.E.": Yoshlar va mehnat muhojirlari hayotini vayron qiluvchi xavfli tuzilma

So‘nggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning ta’siri keskin oshmoqda. Shulardan biri – “A.U.E.” deb ataluvchi jinoiy harakat bo‘lib, u nafaqat o‘smirlarni, balki chet elga, ayniqsa Rossiyaga borib ishlayotgan fuqarolarimizni ham o‘z domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bu orqali nafaqat ota-onalar, balki mehnat muhojirlarini ham ogohlikka, hayoti va erkinligiga befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz.

“A.U.E.” o‘zi nima va u qayerda shakllangan?

“A.U.E.” (“Arestantskiy uklad yedin” — “Mahbuslar qoidasi yagona”) — Rossiya Federasiyasida paydo bo‘lgan bo‘lib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakatdir. U “o‘g‘rilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.

Rossiyada bu harakat 2020 yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston fuqarolari nima uchun ogoh bo‘lishi kerak?

Afsuski, bu tuzilma ta’siri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim O‘zbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bir nechta yurtdoshlarimiz A.U.E. harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki O‘zbekiston fuqarolari imidjiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

A.U.E. qanday targ‘ib qilinadi?

Guruh a’zolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va videoplatformalarda o‘z saflariga odam jalb qilishadi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “bratva”, “obshak”, “zakon po ponyatiyam” kabi iboralar orqali ta’sir o‘tkazishga harakat qilishadi.

A.U.E. safida yurish shunchaki “ishdan keyingi do‘stona guruh” emas — bu harakat bilan bog‘lanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi.

Bu harakatiga aloqadorlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

🔴 Rossiya Federasiyasi qonunchiligiga muvofiq, A.U.E. harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima, yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish, yoxud 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
🔴 Ishsizlik, deportasiya, insonning huquqiy maqomi, erkin harakat qilish va oila kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.

Ota-onalar va fuqarolarga murojaat:

🔴 Farzandlaringiz kimlar bilan gaplashmoqda?
🔴 Rossiyada mehnat qilayotgan tanishlaringiz, qarindoshlaringiz atrofida kimlar bor?
🔴 “Zakon po ponyatiyam”, “obshak”, “smotryashiy” kabi atamalarni eshitdingizmi?
Bu kabi belgilarni jiddiy qabul qiling. Har bir kechiktirilgan so‘z — ertaga fojiaga aylanishi mumkin.

Xulosa o‘rnida:

A.U.E. — bu faqat Rossiyada emas, balki xorijda mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimiz uchun ham real tahdid. Jinoyat yoki “o‘g‘rilar qonuni” orqali hurmat qozonishni emas, halol mehnat va oilaviy baxtni qadrlash kerak. Nafaqat farzandlaringizni, balki o‘z kelajagingizni ham jinoiy tuzilmalardan asrang. Ogoh bo‘ling!

Kiritildi: Bugun 08:20. O'qildi: 966 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!