Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlari harbiy dronlar va radioelektron kurash tizimlarini xarid qilishda katta miqyosli o‘g‘irlik sxemasini fosh qildi, deb yozadi Reuters.
Bu tergov ushbu tuzilmalar mustaqilligi tiklanganidan atigi ikki kun o‘tib, ommaviy norozilik namoyishlari fonida yuz bergan siyosiy burilish natijasida amalga oshdi.
Milliy korrupsiyaga qarshi byuro (NAKU) va Maxsuslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura (MKP) 2 avgust kuni xalq deputati, ikki nafar mahalliy amaldor hamda Milliy gvardiyaning bir necha vakillarini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Tergovga ko‘ra, ular davlat shartnomalarini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda tuzish evaziga pora olishgan. Hozircha to‘rt nafar gumonlanuvchi hibsga olingan, tergov davom etmoqda.
“Bu sxema mohiyati — yetkazib beruvchilar bilan shartnomalarni oldindan oshirilgan narxlarda tuzish. Shartnomalar summasining 30 foizigacha pora olingan”, — deyiladi NAKU va MKPning ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘shma bayonotida.
Prezident Vladimir Zelenskiy tergovchilar harakatini qo‘llab-quvvatladi. “Korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik, jamoaviy aniq ish va adolatli jazolash — bu bizning yondashuvimiz”, — deb yozdi u Telegram’da.
Bundan atigi ikki kun oldin Oliy Rada NAKU va MKPning mustaqilligini qayta tikladi. Dastlab Zelenskiy ularni Bosh prokuratura nazoratiga o‘tkazishga harakat qilgan, bu esa 2022 yilda Rossiya bilan urush boshlanganidan beri eng yirik noroziliklarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik prezident bu tashabbusni qaytarib oldi va korrupsiyaga qarshi idoralar avvalgi maqomini tiklovchi qonun loyihasini kiritdi. Parlament bu o‘zgarishlarni tezda ma’qulladi.
Ukrainaning Yevropa hamkorlari bu qadamni olqishlab, korrupsiyaga qarshi kurash — mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi va g‘arb yordami olishi uchun asosiy shart ekanini eslatdi.
“Antikorrupsiya organlari mustaqil ishlashi kerak, — dedi Zelenskiy NAKU va MKP rahbariyati bilan uchrashuvdan so‘ng. — Payshanba kuni qabul qilingan qonun ularga barcha zarur vositalarni beradi.”
Aniqlangan bu ish faqatgina muzlikning uchidir. 2025 yil yanvar oyida Ukraina sobiq mudofaa vaziri Rustem Umerov ichki tekshiruvlar faqat so‘nggi to‘rt oyda 10 milliard grivnadan ($262 mln) ortiq korrupsiya jinoyatlarini aniqlaganini, bundan avvalgi qonunbuzarliklar esa hisobga olinmaganini ma’lum qilgandi.