«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sintetik giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Xususan, Yaqin Sharq davlatlaridan birining 1994 yilda tug‘ilgan fuqarosi dala maydonidagi xufyona joydan 970 gramm «Mefedron» narkotik moddasini qazib olib, ketayotgan vaqtida ushlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, xorijlikning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 2 dona elektron tarozi, termoizolenta va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.