Uptime Institute xalqaro sertifikatlashtirish instituti Uztelecom kompaniyasining Buxoro, Qo‘qon va Toshkent shaharlaridagi tijoriy ma’lumotlar markazlari loyihalarining yuqori darajadagi ishonchliligi va uzluksiz ishlashini tasdiqlab, ularga Tier III maqomini berdi. Milliy IT-echimlar yetkazib beruvchisining Buxoro va Qo‘qondagi yangi infratuzilma ob’ektlari Toshkentdan 300 km dan ortiq masofada joylashgan bo‘lib, mamlakatda poytaxtdan eng uzoqdagi ma’lumotlarga ishlov berish markazlariga aylandi.
Buxoro va Qo‘qon kabi strategik ahamiyatga ega shaharlarda zamonaviy infratuzilmaning paydo bo‘lishi davlat va xususiy kompaniyalarga zarur IT-resurslardan bevosita hududlarning o‘zida foydalanish imkoniyatini ochib beradi. Korxonalar “colocation” xizmati doirasida server xonalarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun kapital xarajatlar qilmasdan o‘z uskunalarini joylashtirishi yoki UzCloud bulutli platformasida virtual mashinalarni ijaraga olishi mumkin bo‘ladi. Xuddi shunday xizmatlar Toshkentdagi yangi ma’lumotlar markazida ham taqdim etiladi.
UzCloud’ning geografik taqsimlangan infratuzilmasi beshta ma’lumotlarni qayta ishlash markazini (MQIM) yagona bulutli konturga birlashtiradi. Bu tizimning ishdan chiqishga chidamliligini, yirik avariyalardan himoyani va biznes jarayonlarining uzluksizligini ta’minlaydi – agar maydonchalardan birida nosozlik yuz bersa, tizimlar boshqasida ishlashda davom etadi. Muhim ahamiyatga ega IT-tizimlar uchun favqulodda vaziyatdan so‘ng tiklash bo‘yicha qo‘shimcha xizmat – DRaaS (Disaster Recovery as a Service) mavjud. U zaxira maydonchasi, ma’lumotlardan nusxa ko‘chirish va biznes talablariga muvofiq oldindan sozlab qo‘yilgan tiklash rejasini o‘z ichiga oladi. Xususan, ushbu reja qancha ma’lumotni yo‘qotish mumkinligini va tizimni qancha vaqt ichida tiklash zarurligini belgilaydi. Natijada kompaniyalar yagona bulut doirasida ishonchli, falokatga bardoshli arxitekturaga ega bo‘ladilar.
Uptime Institute tomonidan berilgan Tier III maqomi ma’lumotlar markazining barcha asosiy muhandislik tizimlari zaxiralanganini tasdiqlaydi. Xizmatlarning uzluksizligi va ishdan chiqishga chidamliligini ta’minlash uchun MQIM qo‘shaloq sovitish va elektr ta’minoti tizimlari hamda zaxira tarmoq kanallari bilan jihozlangan. Shahar elektr ta’minoti uzilib qolsa, uzluksiz quvvat manbalari va dizel-generatorlar ishga tushadi. MQIM va unda joylashgan jismoniy yoki bulutli IT-infratuzilma o‘z ishini uzilishlar va to‘xtalishlarsiz davom ettiradi.
Ma’lumotlar markazlarining jismoniy xavfsizligi o‘ta muhim IT-infratuzilma ob’ektlariga qo‘yiladigan talablarga to‘liq javob beradi. Ularning hududida kecha-yu kunduz kirish nazorati va videokuzatuv tashkil etilgan, uzluksiz monitoring olib boriladi hamda avtomatik gazli yong‘in o‘chirish tizimi o‘rnatilgan.
“Tier III sertifikatlarining olinishi – bu xalqaro e’tirof, shuningdek, Uztelecom’ning mamlakat raqamli infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi izchil sa’y-harakatlari natijasidir. Biz uchun bu “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir. Biz jismoniy ma’lumotlar markazlari tarmog‘ini hamda ular asosidagi UzCloud bulutli platformasining hisoblash imkoniyatlarini kengaytirmoqdamiz. Ushbu quvvatlarda davlat idoralari, biznes va boshqa tashkilotlar raqamli xizmatlarni, korporativ platformalar va yechimlarni, jumladan, sun’iy intellektga asoslanganlarini ham ishonch bilan ishga tushirishi yoki ko‘lamini kengaytirishi mumkin. Yaratilgan resurslar zaxirasi har qanday miqyosdagi IT-loyiha barqaror ishlashini ta’minlash imkonini beradi”, – deya ta’kidladi Uztelecom Istiqbolli rivojlanish va investisiya loyihalari departamenti direktori Umar Izbasarov.
Buxoro, Qo‘qon va Toshkent shaharlarida ochilgan yangi ma’lumotlar markazlari “Uztelecom” milliy IT-echimlar yetkazib beruvchisining geografik taqsimlangan ma’lumotlar markazlari tarmog‘ini beshta ob’ektga yetkazdi. Ushbu uchta yangi maydonchani 2026 yilning kuzida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Uptime Institute rasmiy reestriga ko‘ra, “Uztelecom” O‘zbekiston axborot texnologiyalari bozorida tijoriy ma’lumotlar markazlari amaldagi Tier III sertifikatlariga ega bo‘lgan yagona kompaniya hisoblanadi.