Trampning Kiyev va Moskva «energetika sulhi”ga erishgani haqidagi bayonotiga qaramay, Ukraina va Rossiya bir-birining energetika ob’ektlariga zarbalar berdi.
15 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari «Rosneft»ning Samara oblastidagi Sizran neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi, korxonada yong‘in chiqqan. Tunda region uzra jami 40 dan ortiq dron urib tushirilgan. Taganrogda Ozon omborlari, mahalliy qishloq xo‘jaligi korxonasi, o‘quv binosi, do‘kon va bir necha turar joylar shikastlangan. Astra ma’lumotiga ko‘ra, «Taganrog-Sentralniy» harbiy aerodromi ham zarbaga uchragan. Taganrogda ham, Samara oblastida ham jabrlanganlar to‘g‘risida xabar berilmagan.
Tongda Rossiya dronlari Kiyevga hujum qildi. Sakkiz kishi jarohat olgan, zarba oqibatida shaharning Darniskiy va Goloseevskiy rayonlaridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari yonib ketgan. Shuningdek, Kiyevning turli qismlaridagi ombor va bir necha noturar joylar zarbaga uchragan. Zaporijjyada infratuzilma ob’ektiga zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi jarohat olgan.
«Rossiya energetika, oddiy logistika va muhim infratuzilmalarimiz bo‘ylab zarba berishni to‘xtatmayapti. Bunga javobimiz – sezilarli bo‘ladi», – deya yozdi tongda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Navbatdagi hujumlardan bir necha soat oldinroq AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Moskva va Kiyev energetika ob’ektlari bo‘ylab zarbalarni to‘xtatishga kelishib olganini aytgan, dizel narxi oshib ketishining asosiy sababi AQShning Eron bilan urushi emas, balki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ekanini qo‘shimcha qilgandi.