Bugun 16 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Lavrov AQShni urushni cho‘zishda aybladi

Lavrov AQShni urushni cho‘zishda aybladi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashingtonning urushni tugatish borasidagi pozisiyasini tanqid qildi. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining davom etayotganiga sabab sifatida «AQShning Ankorijdagi kelishuvlardan voz kechgani»ni ko‘rsatdi.

«Agar amerikaliklar Ankorijdagi kelishuvlardan voz kechmaganida, agar Yevropasi ularni bu kelishuvlardan qaytarmaganida, biz allaqachon bir yildan beri urushsiz yashayotgan bo‘lardik. Bu aniq fakt», — dedi Lavrov.

U bu gaplarni «Ukraina inqirozi. G‘arbning huquqiy agressiyasi» mavzusidagi 13-elchilar davra suhbatida aytdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi 2025 yil avgust oyi o‘rtasida Alyaskadagi Ankorij shahrida bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv natijalari rasman ochiqlanmagan. Biroq keyinchalik Rossiya diplomatlari va amaldorlari Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarning ikki tomonlama kelishilgan siyosiy asosini «Ankorij kelishuvlari» va «Ankorij ruhi» deb atay boshlagan.

BBC muxbirlarining xabar berishicha, Rossiya amaldorlari o‘sha paytda AQSh va Rossiya prezidentlari Ukrainadagi urushni tugatish sharti sifatida Donbassning barcha hududlari, jumladan Rossiya hali egallamagan hududlarni ham Moskvaga berish masalasida kelishganini anglatuvchi bayonotlar bergan.

Biroq amalda Putin va Tramp o‘sha uchrashuvda hech qanday kelishuvga erishmagan. Buni AQSh davlat kotibi Marko Rubio 2026 yil yozida Lavrov bilan uchrashuvidan keyin tasdiqlagan.

Lavrov o‘shanda ham Yevropa siyosatchilarini AQShni muzokaralarni shu yo‘nalishda davom ettirishdan qaytarganlikda ayblagan.

Amerika OAVlari esa manbalarga tayanib, Vashington Ukraina frontdagi muvaffaqiyatlaridan va Rossiyaning hududiy masaladagi murosasiz pozisiyasidan ta’sirlangani, shu sababli muzokaralarni «samarasiz bo‘lib qolgan» deb baholaganini yozgan.

AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlash ehtimoli haqida gaplar Donald Tramp vakillari sentyabr oyi boshida Moskva va Kiyevga tashrif buyurganidan keyin yana paydo bo‘ldi.

Kiritildi: 21:38 15.09.2026. O'qildi: 900 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!