Bugun 16 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Boshlang‘ich sinf qizlari uchun hijobni taqishni taqiqlash taklif qilinmoqda

Boshlang‘ich sinf qizlari uchun hijobni taqishni taqiqlash taklif qilinmoqda

Germaniyada boshlang‘ich sinf qizlari uchun hijobni taqishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

Germaniyada qo‘shni Avstriyadan keyin kichik yoshdagi qizlarga hijob taqishni taqiqlash masalasi atrofida bahslar avj oldi. Avstriyada sentyabr oyi boshidan 14 yoshga to‘lmagan o‘quvchi qizlarga maktabda ro‘mol taqish taqiqlangan, bu talabga rioya qilmagan ota-onalarga esa 800 yevrogacha jarima solinishi mumkin.

Saksoniya ta’lim vaziri Konrad Klemens bunday qoida Germaniyaning boshlang‘ich maktablarida ham joriy qilinishi kerak, deb hisoblaydi.

Klemensning fikricha, hijobni diniy sabablarga ko‘ra taqish haqidagi qarorni ayolning o‘zi mustaqil qabul qilishi kerak. Uning fikricha, kichik yoshdagi bolalar hali bunday tanlovni mustaqil amalga oshirish qobiliyatiga ega emas.

Bu g‘oya Berlinda ham muhokama qilinmoqda. Adliya masalalari bo‘yicha senator Felor Badenberg ma’lum bir yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun hijobga ruxsat berish mumkinmi-yo‘qmi, degan masalani aniq belgilash zarur, deb hisoblaydi.

Uning aytishicha, bolalar yoshligidan muayyan diniy yoki gender roliga bog‘lab qo‘yilmagan holda rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Muhokamaga Berlin maktablaridagi niqob bilan bog‘liq holatlar ham sabab bo‘ldi. 8–9-sinflarda bir nechta o‘quvchi qizlar darslarga yuzini to‘liq yopgan holda kelgan, faqat ko‘zlari uchun kichik teshik qoldirgan. Maktab rahbariyati ota-onalar bilan suhbatlashganidan so‘ng, qizlar yuz yopqichlarini yechishgan.

Hozircha Germaniya maktablarida oddiy hijob taqishga ruxsat berilgan va u din erkinligi huquqi bilan himoya qilinadi.

Berlin maktab rahbarlari vakilasi Karina Yeniche esa hijobni 7-sinfgacha taqiqlash tarafdori.

Uning kuzatuvlariga ko‘ra, boshlang‘ich maktabda hijob taqishni boshlaydigan qizlar soni ortib bormoqda. Ayrimlari hatto 4-sinfdanoq hijob taqishni boshlamoqda.

Avstriyada esa ayrim o‘quvchi qizlar yangi taqiqni chetlab o‘tish yo‘lini topgan: ular hijob o‘rniga kapyushon va shapkalar kiyishni boshlagan.

Kiritildi: 21:16 15.09.2026. O'qildi: 1724 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!