Bugun, 25 may kunidan boshlab Prezident maktablariga qabul jarayonlari boshlandi. Bu haqida Ta’lim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.
Bildirilishicha, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga 2026-2027 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 25 maydan 14 iyunga qadar onlayn shaklda «my.gov.uz» hamda «ariza.piima.uz» saytlari orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Prezident maktablariga 4-sinfni tugatgan o‘quvchilar 5-sinfga qabul qilinadi.
Prezident maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchilarning:
oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;
tug‘ilganlik haqida guvohnomasi (ya’ni metrikasi);
tegishli o‘quv yili natijalariga ko‘ra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi yoki QR-kod bilan tasdiqlangan elektron tabel;
ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti ma’lumotlari;
bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablarida o‘qimoqchi bo‘lgan o‘quvchilarning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari «5» (a’lo) bo‘lishi lozim.