Dunyodagi eng yirik kriptobirja Binance o‘z hamyonlaridan milliardlab dollarlik raqamli aktivlar olib chiqib ketilgani bilan bog‘liq ehtimoliy xakerlik hujumini surishtirmoqda. Shubhali tranzaksiyalar kecha oqshomda boshlangan. Ular orasida qiymati taxminan 388 million dollarga teng bo‘lgan 167 464 dona Ethereum tangalari va qariyb 1,6 milliard dollarlik Tether kriptovalyutasi o‘tkazmalari bor.
Dastlab Binance ikki milliard dollarga yaqin mablag‘ olib chiqib ketilganini ma’lum qilgan edi, biroq keyingi baholashlarga ko‘ra ehtimoliy zarar miqdori allaqachon 6 milliard dollarga yetdi. Yo‘qotishlarning aniq miqdori hozircha to‘liq aniqlanmagan.
Binance hisoblarni to‘ldirish va mablag‘larni olib chiqishni vaqtincha to‘xtatdi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kriptovalyuta sohasidagi boshqa kompaniyalar bilan birgalikda xavfsizlik tekshiruvini boshladi. Birja mijozlarning mablag‘lari xavfsiz ekanini ta’kidlamoqda va ehtimoliy zararlarni qoplashga va’da bermoqda.
Shu bilan birga, Tether kriptovalyutasi emitenti 1,56 milliard dollardan ortiq raqamli aktivlarni, Circle kompaniyasi esa yana 823 million dollarga yaqin mablag‘ni muzlatib qo‘ydi. O‘g‘irlangan deb taxmin qilinayotgan mablag‘larning bir qismi hali ham jinoyatchilarning hamyonlarida qolmoqda.
Binance asoschisi Chanpen Chjao xakerlik hujumi sodir bo‘lganini taxmin qildi. Mutaxassislar noma’lum shaxslar birja hamyonlariga qanday qilib kirish huquqini qo‘lga kiritganini aniqlamoqda. Ushbu hodisa haqidagi xabarlar fonida 29 oktyabr oqshomida bitkoin narxi 3,2 foizga arzonlab, 79 ming dollardan pastga tushdi.