Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Ayolning yalang‘och rasmi uchun 10 ming AQSh dollari talab qilgan erkakka qanday jazo berildi?

Ayolning yalang‘och rasmi uchun 10 ming AQSh dollari talab qilgan erkakka qanday jazo berildi?

Erkak ayolning yarim yalang‘och qiyofasini telefoni orqali suratga olib, uni internet tarmoqlarida tarqatishini aytib, pul talab qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida o‘zining qabih qilmishi bilan begunoh bir ayolning sha’nini toptagan kimsaga nisbatan hukm o‘qildi. Har bir kishining yuragini larzaga soladigan bu jinoyat tafsilotlarini so‘zlab berish nihoyatda og‘ir. Ammo shunga qaramay, biz bu jinoiy qilmish balki kimlargadir saboq bo‘ladi, degan fikrda uni bayon qilishni lozim topdik.

Odatda, qora rangdagi avtomashinani tez-tez yuvib turishga to‘g‘ri keladi. Sobir ham (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) avtomashinasi qora rangda bo‘lgani bois tez-tez avtomobillarni yuvish shoxobchasiga borib turardi. U tabiatan ancha kibrli, olifta yigit edi. Qora rangdagi "Neksiya"si qora tulpordek tovlanib tursa, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga shunchalik tortadi, deb o‘ylardi u.

O‘shanda  2011 yilning sentyabr oyi oxirlari edi. U Chilonzor tumanidagi avtomashinalar yuvish shoxobchalaridan biriga kirdi.

Qarasaki, avtomashinasini yuvdirish uchun navbat oq rangli "Spark"dan keyin kelar ekan. U, zerikmaslik uchun avtomashinasi salonida musiqani baland qo‘yib, qo‘­shiqqa jo‘r bo‘lib o‘tirdi. Bu orada oq "Spark"ning egasi ham keldi. Sobir unga ko‘zi tushgan zaho­tiyoq "Bay, bay, ana qomatu, mana qomat!" deb yuboradi. Ayol avtomashinasini to­za yuvilganmi yo yo‘qmi, degan maqsadda ko‘z­dan kechirayotgandi. Sobir esa, o‘zini tutib turolmadi, shosha-pisha avtomashinadagi ko‘z­­guga qarab sochini to‘g‘rilab qo‘y­­­di-da, tashqariga chiqdi. U ha­mon avtomashinasini ko‘zdan kechirayotgan notanish ayolga yaqinlasharkan:

— Assalomu alaykum, opa, kechirasiz, bu mashina siznikimi? — dedi.

— Va alaykum assalom, ha, tinchlikmi?! — dedi ayol ajablangan ko‘yi.

— Uzr, aybga buyurmaysiz, ismingiz nima edi? — deya uni yana savolga tutdi.

— Ismim Lola... Voy, nima gap o‘zi?! — dedi ayol hayron bo‘lib unga qararkan.

Sobir esa, unga suqlanib tikilgancha jim turardi.

Ayol jahli chiqqancha yana boyagi savolini takrorladi. Shunda Sobir nima deyishni bilmay bir zum dovdirab qoldi, so‘ng tezda o‘zini qo‘lga olib, yana so‘z qotdi:

— Siz bilan tanishmoqchi edim, — dedi u surbetlarcha tirjayib va ayolning telefon raqamini so‘radi.

Ayol uning gaplarini eshitib, birdan av­zoyi o‘zgardi, uni jerkib tashladi-da, av­tomashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.

Shu tasodifiy uchrashuv Sobirning sira xayolidan nari ketmay qoldi.

Shu­ning uchun u ayolning yo‘lini poylab, hat­to avtomashina yuvish shoxobchasida poyloqchilik qilishgacha bordi.

Albatta, Lola ham buni sezmay qolmadi. Shu bois u bir kuni Sobirdan ochiq­ so‘radi: — Ortimdan ergashib yurishni bas qiling. Men oilali ayolman. Maqsadingiz nima o‘zi?!

Ayolning bunday dadil gapirishini kut­magan Sobir birdan dovdirab qol­di. Am­mo u tezda o‘zini qo‘lga olib, ayyorlik yo‘liga o‘tdi:

— Meni niyati yomon, shilqim yigit deb o‘ylamang, — dedi u. — O‘lay agar, o‘zim ham qattiq xijolatdaman. Aslida­ samimiy va beg‘araz bir taklifni ayt­moqchi edim. Shu desangiz, onam tadbirkorlik bilan shug‘ullanadilar. Turkiya va Xitoydan kiyim-kechaklar olib kelib sotadilar. Balki sizning bo‘sh vaqtlaringiz bo‘lsa, onamga yordamlashib turarsiz?! Oilangiz uchun qo‘shimcha daromad bo‘lardi. Ishoning, sizni o‘z opamdek ko‘rib aytayapman...

Buni qarangki, Lola bu tullakning gaplarini negadir samimiy qabul qil­di, unga ishondi. Hatto u boya yigitga qat­tiq gapirib yuborgani uchun xijolat ham chekdi. "Tuppa-tuzuk, odobli yigitga o‘x­shaydi", deya u ko‘nglidan kechirdi. Ke­yin­ esa, Sobir bilan ancha gaplashgach, bunga yanada ishonch hosil qildi va ikkilanmay unga telefon raqamini berdi.

Qisqasi, shundan so‘ng Sobir Lola bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turadigan bo‘ldi. Hatto Lola uning onasi Farog‘at opa bilan ham tanishib oldi. Oilaviy bordi-keldilar boshlangach, Lolaning turmush o‘rtog‘i Sobirni o‘z ukasidek samimiy qabul qildi. Sobirga aynan shu kerak edi. U hali-hanuz qa­bih niyatidan voz kechmagan, aksincha, qu­lay payt kelishini kutib yurardi. Buning ustiga Lolaning andishali, xiyol qo‘rqoqroq ekanini bilgach, u yanada dadillashdi.

Sobirning qabih niyati Lolaning yet­ti uxlab, bir tushiga ham kirmagandi. Shu­ning uchun u turmush o‘rtog‘i Samar­qand­ga xizmat safari bilan ketganda Sobirdan far­zand­larini qo‘shimcha dars­ga olib borib kelishni iltimos qil­di. Shunday kunlarning birida u Sobirga yana qo‘ng‘iroq qiladi. U esa, uzoqroqda ekanligini aytib, uzr so‘radi.

Biroq kechki payt Lolaning o‘zi far­zand­larini o‘qishdan olib, uyiga kelsa, darvozasi oldida Sobir turganini ko‘rib, hayron bo‘ladi.

Sobir esa, hech nima bo‘lmagandek, onasining shoshilinch ishi chiqib qolgani, shunga yordam zarurligini aytib, Lolani o‘zi bilan borishni iltimos qildi. Lola uning gaplariga shubha qil­madi va bolalarini uyida qoldirib chiqdi.

Shundan so‘ng Lola Sobirning avtomashinasida yo‘lga tushdi.

Sobir mashinasini noma’lum manzil tomon haydadi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Lola bunga e’tibor bermay xo­tirjam ketib borardi. Faqat yo‘l­ning kimsasiz, xilvat joyiga yetganda, Sobir mashinasini to‘xtadi-da, kutilmaganda, Lolaga tegajog‘lik qilishga tushdi.

Lola tug‘ishgan ukasidek bo‘lib qolgan Sobirdan bunday jirkanch qilmishni kutmagan edi. Shu bois u dovdiragancha Sobirni o‘zidan nariga surib tashlashga urinadi. Biroq insoniy qiyo­fasini butkul yo‘qotgan Sobir unga tashlandi...

Karaxt bir ahvolda uyiga kelgan ayol kiyim-boshini yechib axlatga uloqtirdi. U shunchalik tushkun va ojiz ahvolda ediki, o‘zidan ham, anavi maxluq qiyofasidagi Sobirdan ham nafratlanardi. O‘sha tun Lola qon yig‘lab chiqdi va ro‘y be­rib o‘tgan razil ishni eriga aytishga qaror qildi. Ammo ertasi kuni Sobir qo‘ng‘iroq qilib, agar birovga churq etib og‘iz ochsa, baloga qolishini, oilasi buzilib ketishini, baribir, hamma uni aybdor qilishini aytib, qo‘rqitishga tushdi.

Buni eshitib, tabiatan qo‘rqoq Lola nima qilishni bilmay qoldi.

Haqiqa­tan ham, eriga og‘iz ochsa, oilasi bu­zi­lib ketishi tayin. Aytmasa, vijdon azobi ado qiladi. Nima qilish kerak? Qanday yo‘l tutsa, to‘g‘ri bo‘ladi? O‘sha to‘g‘ri yo‘lni unga kim ko‘r­sa­ta­di? Lola ikki o‘t orasida qolgan edi. Bu haqda uzoq o‘yladi, ammo eri xizmat safari­dan qaytgach, indamadi... Ammo bu bilan uning dard-iztiroblari ka­ma­yib­ qolmadi.

Aksincha, butkul insoniylik qiyo­fasini yo‘­qotgan Sobir eri xizmat safariga ke­tishi bilan uning uyiga tap tortmay bostirib kelardi...

Eng yomo­ni, Sobirning razilligi shu da­rajaga borib yetdiki, u ayolning sha’nini tah­qir­lagani yet­maganidek, undan pul ham talab qilishga tushdi. Bir safar esa, u ayolning yarim yalang‘och qiyofasini telefoni orqali suratga oladi-da, uni internet tarmoqlarida tarqatishni aytib, pul talab qildi.

Bundan yomoni, u ojiz ahvolga tushgan ayolga shunday shart qo‘yadi: — Agar bu suratlarni sen olmasang, eringga sotaman, u sendan ko‘proq pul beradi...

U jirkanch ishi uchun 10 ming AQSh dollari talab qildi.

Xayriyatki, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan uning bu jirkanch jinoyatiga chek qo‘yildi.

Albatta, o‘zingiz ham his etib turgan bo‘lsangiz kerak, bunday ayanchli voqeaga xulosa yozish nihoyatda og‘ir. Negaki, insoniylikdek olijanob qadriyat­ sarhadidan chetga chiqib, ham o‘ziga, ham yaqin qavm-qarindoshlariga, ham unga ishongan boshqa oilaga og‘ir isnod keltirgan kimsani hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.

 

Akmal ERGASHEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Shayxontohur tumani sudining sudyasi

Kiritildi: 18:17 14.12.2018. O'qildi: 10219 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!