AQSh Rossiya Mudofaa vazirligining bir nechta tuzilmasiga, shuningdek, Rossiyaning ikkita kompaniyasi va besh nafar fuqarosiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda Davlat departamenti xabarida aytiladi.
Sanksiyalar ostiga Rossiya Mudofaa vazirligining Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi, Rossiya Qurolli Kuchlarining 1061-moddiy-texnika ta’minoti markazi, Rossiya Mudofaa vazirligining Istiqbolli qo‘shinlararo tadqiqotlar va maxsus loyihalar boshqarmasi hamda Rossiya Quruqlikdagi qo‘shinlari tushdi. Sanksiyalar ularning har qanday huquqiy vorislari, bo‘linmalari yoki sho‘’ba korxonalariga nisbatan ham tatbiq etilishi ta’kidlanmoqda.
Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning ikki kompaniyasi International Invest Company va Gedion Alpha Company, shuningdek, Rossiya Federasiyasi fuqarolari Aleksandr Prixodko, Andrey Gusev, Andrey Kosolapov, Vladislav Morozik hamda Sergey Sibarev kiritildi.
AQSh Davlat departamentining bildirishicha, ushbu va boshqa xorijiy shaxslar Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga nisbatan ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi qonunga muvofiq cheklov choralarini qo‘llashni taqozo etadigan faoliyatni amalga oshirgan.
Sanksiyalar 2026 yil 24 iyuldan kuchga kirdi va AQSh Davlat departamenti boshqacha qaror qabul qilmasa, ikki yil davomida amal qiladi.
Hujjatga ko‘ra, AQSh idoralariga ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilgan shaxslardan tovarlar sotib olish, ularga yordam ko‘rsatish yoki qurol sotish taqiqlanadi.