Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, ularni mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishining oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchilari say’-harakati bilan katta miqdordagi narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Xususan, Afg‘oniston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan, Termiz tumanida yashovchi, 1985 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Mersedes-Benz” rusumli yuk avtomashinasi “Ayritom” chegara bojxona postida chuqurlashtirilgan tarzda tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida avtomashina tirkamasining pol qismi ostiga jami 98 dona o‘ramda 39 kg 86 gr “gashish” va 9 kg 498 gr “opiy” moddalari yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlash lozim, narkosavdogarlar giyohvandlik vositalari fosh bo‘lmasligi uchun ularni dastlab poliyetilen paketga solib, so‘ngra folga qog‘ozi bilan, keyin esa skotch bilan o‘rashgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu narkotik moddalarning buyurtmachilarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.