Joriy yilgi haj mavsumida 15 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik muqaddas amallarni ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l olmoqda.
Shu bilan birga, davlat rahbari tashabbusi bilan 100 nafar fidoyi yurtdosh «Prezident hojisi» sifatida haj safariga yuborilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, haj yo‘llanmalari mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda hurmat qozongan turli soha vakillariga taqdim etilgan.
Prezident hojilari orasida olimlar, shifokorlar, mehnat faxriylari, mahalla faollari, oddiy xizmatchilar hamda uzoq yillar xalq xizmatida bo‘lgan fuqarolar bor.
Ulardan biri — olima Muhlisaxon Ziyovuddinova. U sharqshunos, arabshunos, aruzshunos, mumtoz adabiyot bilimdoni va mohir pedagog sifatida tanilgan. Muhlisaxon aya Imom Buxoriy ordeni bilan taqdirlangan qomusiy olim Shayxulislom Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning kenja farzandi hisoblanadi.
Besh nafar farzandni tarbiyalab, ularni ziyoli inson etib voyaga yetkazgan Muhlisaxon aya 83 yoshni katta quvonch bilan qarshi olmoqda. U kishi ham 100 nafar prezident hojilari safida haj safariga boradi.
Mutasaddilar tomonidan hojilarga yo‘llanmalar bilan birga safar uchun zarur kiyim-kechak va jihozlar to‘plami ham tantanali ravishda topshirildi.
Muhlisaxon Ziyovuddinova bu e’tiborni katta sharaf sifatida qabul qilayotganini aytib, davlat rahbari va yurt tinchligi uchun duo qilishini bildirdi.
Prezident hojisi sifatida hajga borayotgan fuqarolar davlat rahbarining bu g‘amxo‘rligini yuksak e’tibor sifatida baholamoqda.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, halol mehnat va vatanparvarlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.