Urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya hukumati yangi safarbarlik (mobilizasiya) e’lon qilinishi va harbiy holat joriy etilishi mumkin bo‘lgan vaziyat uchun huquqiy hamda tashkiliy asos yaratayotganini ma’lum qildi. Tahlilchilar bunday xulosaga fuqarolik mudofaasi sohasidagi yangi qonunchilik o‘zgarishlari va tashabbuslar sabab bo‘lganini aytishmoqda.
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Davlat dumasi rasmiy safarbarlik davrida sudlanganligi hali bekor qilinmagan fuqarolarga, jumladan, giyohvand moddalar kontrabandasi va uyushgan jinoiy guruhlarda ishtirok etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga ham Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgan. Mudofaa vaziri o‘rinbosari Viktor Goremikinning aytishicha, bu o‘zgarishlar harbiy xizmatga kirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasini kengaytiradi va Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun askar yollashni soddalashtiradi.
Bundan tashqari, Rosgvardiya fuqarolik mudofaasi qoidalariga o‘zgartirishlar tayyorlab, ularga safarbarlik, harbiy holat va urush davrida yuzaga keladigan xavf-xatarlardan aholini himoya qilish bo‘yicha choralarni kiritishni taklif qilgan. Shuningdek, harbiy xizmatchilarni evakuasiya qilish bo‘yicha vakolatlarni kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
ISW fikricha, bu qadamlar Kremlning ehtimoliy safarbarlikka tizimli ravishda tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning qayd etishicha, yangi safarbarlik Rossiya jamiyatida hanuz juda ommabop emas. Shuningdek, ular 2025 yil noyabr oyida Vladimir Putin safarbarlik e’lon qilmasdan turib ham zaxiradagi harbiylarni jangovor hududga yuborishga ruxsat beruvchi qonunni imzolaganini eslatadi. Tahlilchilar fikricha, bu mexanizm bosqichma-bosqich qisman chaqiruvlarni amalga oshirish uchun qo‘llanilishi mumkin.
Shu bilan birga, ISW ta’kidlashicha, ehtimoliy safarbarlikni e’lon qilish yoki qilmaslik bo‘yicha yakuniy qaror hanuz Vladimir Putinning o‘ziga va uning frontdagi hamda mamlakat ichidagi vaziyatga bergan bahosiga bog‘liq.
Tahlilchilar hozircha bunday qaror yaqin vaqt ichida qabul qilinadimi yoki yo‘qmi, hamda u qanday shaklda amalga oshirilishini aniq aytishning imkoni yo‘qligini qayd etishmoqda.
Materialda, shuningdek, G‘arb razvedka xizmatlari baholari ham keltirilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil o‘rtalariga kelib Rossiya qo‘shinlarining umumiy yo‘qotishlari (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) 1,4 million kishiga yetgan, shartnoma asosida xizmatga qabul qilinayotganlar soni esa endi bu yo‘qotishlarni qoplay olmayapti.
Bundan tashqari, Reuters agentligining Kremlga yaqin manbalariga tayanib xabar berishicha, Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushni yanada kuchaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.