“Afg‘oniston ozodlik fronti” mamlakat shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyatida “Tolibon” pozisiyalariga tunda qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. “Tolibon” esa to‘qnashuvda besh nafar hujumchi o‘ldirilganini ma’lum qildi.
Amu TV telekanali manbalariga ko‘ra, to‘qnashuv Zebok tumanida boshlangan va bir necha soat davom etgan.
“Afg‘oniston ozodlik fronti”ning siyosiy masalalar bo‘yicha rahbari Dovud Najiy X sahifasida e’lon qilgan postida hal qiluvchi janglar yangi bosqichga o‘tganini bildirdi.
“Tolibon”ning 219-Omari Salis diviziyasi o‘z bayonotida jang bo‘lib o‘tganini tasdiqladi va chegara kuchlari besh nafar hujumchini o‘ldirganini bildirdi. Bayonotda aytilishicha, qurolli shaxslar “Tolibon” kuchlari bilan to‘qnashuvdan oldin Pokistonning Chitral hududidan Zebok tumaniga kirib kelgan.
Ushbu to‘qnashuvlar so‘nggi haftalarda qurolli muxolifat faolligi oshgan Badaxshon viloyatida “Tolibon” kuchlariga qilingan navbatdagi hujum bo‘ldi. O‘tgan haftada “Sepahiani Mihan” guruhi viloyat markazi yaqinidagi Yaftali Payin tumanida bir qancha davlat idoralarini qisqa muddatga egallab olgandi. Ular bir necha soatdan keyin hududdan chekingan.