Rossiya Davlat dumasi migrasiya siyosati talablarini kuchaytirishga qaratilgan ikki qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi.
Qonunlardan biriga ko‘ra, Rossiyada yoki boshqa davlatda sodir etilgan har qanday jinoyat uchun sudlanganligi bekor qilinmagan yoki olib tashlanmagan chet el fuqarolari endi Rossiya fuqaroligi, yashash guvohnomasi yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasini ololmaydi.
Bundan tashqari, agar bunday sudlanganlik keyinroq aniqlansa, avval berilgan hujjatlar ham bekor qilinadi.
Yangi normalar Rossiyada qochqin maqomini olganlar, shuningdek, siyosiy yoki vaqtinchalik boshpana berilgan chet el fuqarolariga tatbiq etilmaydi.
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, «mamlakatimizga faqat o‘z yurtida qonunni buzmagan va Rossiyaga kelgach ham qonunlarga rioya qiladigan odamlar kelishi, yashash guvohnomasi rasmiylashtirishi va fuqarolikka da’vogar bo‘lishi kerak».
Uning so‘zlariga ko‘ra, chet el fuqarolari rus tilini bilishi, shuningdek, mamlakatning an’analari, tarixi va madaniyatini hurmat qilishi lozim.
Shu bilan birga, deputatlar Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni ham qabul qildi. Yangi hujjat chet el fuqarolari ma’muriy jarima bilan birga mamlakatdan deportasiya qilinishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar ro‘yxatini sezilarli darajada kengaytirdi.
Endi qoidabuzarlar deportasiyadan qochish uchun oilaviy ahvoli yoki Rossiyada qancha vaqt yashaganini asos qilib keltira olmaydi.
Volodinning aytishicha, yangi qoidalarga muvofiq, polisiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik yoki davlat chegarasini kesib o‘tish vaqtida chegarachilar bilan mojaro chiqarish ham deportasiya uchun yetarli asos hisoblanadi.
«Agar migrant polisiya xodimlarining talablariga bo‘ysunmasa yoki chegarada chegarachi bilan tortishuv boshlasa, bu uni mamlakatdan deportasiya qilish uchun yetarli bo‘ladi», — dedi Davlat dumasi raisi.