Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIR) Bahraynda joylashgan Amazon kompaniyasining ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi.
KSIRga yaqin bo‘lgan Tasnim agentligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, ob’ekt bir nechta qanotli raketa bilan nishonga olingan va to‘liq yo‘q qilingan.
Ayni paytgacha Bahrayn hukumati, AQSh rasmiylari hamda Amazon kompaniyasi mazkur hujum haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan. Shuningdek, bu da’volar mustaqil manbalar tomonidan ham hozircha tasdiqlanmagan.
KSIR bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu hujum AQShning Eron hududiga bergan so‘nggi zarbalariga javob sifatida amalga oshirilgan. Tehronga ko‘ra, AQShning mintaqadagi infratuzilmasi va Vashington foydalanayotgan ob’ektlar qonuniy harbiy nishon hisoblanadi.
Avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning Wildberries marketpleysiga tegishli Leningrad viloyatidagi logistika majmuasiga hujum qilgan edi. Dron zarbasidan keyin omborda yong‘in chiqqan va uch kishi jabrlangan.
Hujumdan so‘ng kompaniya Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi ikki logistika markazi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.