O‘n yildan so‘ng pulning ahamiyati deyarli qolmaydi — Ilon Mask.
Amerikalik milliarder Ilon Mask The Economist'ga bergan intervyusida sun’iy intellekt rivojini endi to‘xtatib bo‘lmasligini va pulning ahamiyati qolmasligini aytdi.
"Men doim hamma narsaning ijobiy tomonini ko‘rishga intilaman. Sun’iy intellekt va robototexnika taraqqiyoti sur’ati shunchalik yuqoriki, uni to‘xtatishning yo‘lini ko‘rmayapman. Hatto xohlasam ham, buni qila olmasdim", — dedi u.
Maskning fikricha, insoniyat hatto bunday imkoniyat mavjud bo‘lgan taqdirda ham sun’iy intellekt rivojiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
"Ba’zan hatto “Stop” tugmasi mavjud bo‘lsa ham, uni bosmasligimiz kerakmikin, deb o‘ylab qolaman. Eng ehtimoliy ssenariy — sun’iy intellekt barcha uchun aql bovar qilmas farovonlik yaratadi. Menimcha, bu jarayondan shunchaki zavq olish kerak", — dedi u.
"Kelgusi besh yil ichida sun’iy intellekt tizimlari insoniyatning jami aqliy salohiyatidan ustun kelishi mumkin. Keyingi o‘n yil ichida esa robotlar mehnat bozorini tubdan o‘zgartirib, resurslar shunchalik mo‘l-ko‘l bo‘ladiki, pulning ahamiyati deyarli qolmaydi", — deya ta’kidladi Ilon Mask.