Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 50 million AQSh dollariga teng «Obi hayot park» majmuasi qurilishi boshlandi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha «Surxon» daryosining Termiz tumanidan o‘tuvchi qismida, 20 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Tashabbus doirasida 42 ta turar va noturar ob’ektlar, jumladan, ko‘p qavatli uy-joylar (1-2-qavati savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, 3-5-qavatlari turar joylar), 250 o‘rinli ikkita mehmonxona, restoran va kafe, fitnes klublar, ko‘ngilochar maskanlar hamda 24 soat faoliyat yurituvchi turizm ko‘chalari barpo etiladi.
Daryoning tabiiy oqimini saqlagan holda barcha xavfsizlik talablari ta’minlanadi, qirg‘oqlar mustahkamlanadi va ko‘priklar hamda turli biznes va ko‘ngilochar ob’ektlar quriladi.
Loyiha nafaqat hudud infratuzilmasi va shaharsozlik ko‘rinishini yaxshilaydi, balki ko‘plab ish o‘rinlari yaratib, aholi farovonligi va iqtisodiy barqarorlikka hissa qo‘shadi.
Tamal toshi qo‘yish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, faollar, mutasaddi idoralar vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur loyihaning hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati va aholi turmush darajasini oshirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.