Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudining 2025 yil 17 martdagi hukmiga ko‘ra SH. Rahimov (1979 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, YouTube videoxostingidagi “HAQIQAT OVOZI” kanalida “Shuhrat Shon” taxallusida blogerlik faoliyati bilan shug‘ullangan) Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 1-qismi va 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga SH. Rahimov zimmasiga qo‘shimcha:
- ko‘ngil ochar joylarga bormaslik;
- ommaviy tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
- muqaddam sudlangan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik;
- aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik;
- alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik;
- nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent viloyati va Toshkent shahar hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatilgan.
Sud hukmi bilan SH. Rahimovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) muvofiq jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bo‘lsa, sud unga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkinligi belgilangan. Shuning barobarida unga ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025 yil 5 sentyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudining 2025 yil 17 martdagi hukmi o‘zgartirildi.
SH. Rahimov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybsiz deb topilib, Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan reabilitasiya qilindi (oqlandi).
SH. Rahimovga Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi va 236-moddasi 1-qismi bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash yo‘li bilan uzil-kesil jazo sifatida - ishlash vaqtidan, shuningdek ish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklashdan iborat 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillar, ya’ni jabrlanuvchining arizasi, tushuntirish xati, jabrlanuvchi va guvohlarning dastlabki va sud tergovi davomida bergan ko‘rsatmalari, videoyozuvlarni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, yuzlashtirish bayonnomalari, ekspertiza xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi.
Kelgusida sudlangan SH. Rahimov o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berishi mumkinligi ma’lum qilinadi.