Yaqindagina “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan: “O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bu Islom Karimovning dono siyosati sabab” ekanini aytib chiqqan Lola Karimovaga otasining xatolarini eslatib, unga "Qichimagan joyni qashlamaslikni” maslahat berdi. U bu haqda Karimovaning gaplari ilova qilingan postida yozib qoldirgan. Bu haqda qalampir.uz yozmoqda.
“Singlimiz Otalaridan yaxshilab so‘rasalar bo‘larkan nimaga bunday bo‘lganini. Balkim qo‘shnilardan farqli ravishda aynan bizda radikallashuvga olib keluvchi 90 yillardagi noto‘g‘ri tutilgan siyosat sababdir?” deya post yozgan u.
Qolaversa, Jurnalistika universiteti rektori “mohirona va har taraflama o‘ylangan siyosat tutilmagani uchun” minglab taqdir-u qismatlar sinib ketganini bildirgan.
“Balkim aynan Islom Karimovning boshqaruv uslubi (bizni sobiq Suriya yo sobiq Afg‘onga o‘xshab qolishimiz) bu unsurlarni keltirib chiqargandir? Otalari aytganidek, qichimagan joyni qashlash nojoizdir…”, degan Qudratxo‘ja.
Ushbu post keng muhokamalarga sabab bo‘lib, rektor tarmoq foydalanuvchilarining ba’zi qatlami tomonidan sazoyi qilinib, o‘zi ham Karimov davrida davlat ishida ishlagani eslatilib, nega o‘sha vaqtda bu gaplarni aytmagani savol ostiga olindi. Qudratxo‘janing Karimov yonida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Quddus A’zam bo‘lgan davrada kulib tushgan surati ilova qilinib, rektor marhum prezidentga yaqin bo‘lgani aytildi.
Islom Karimov, Abdulla Oripov, Quddus A’zam, Erkin Vohidov, Sherzodxon Qudratxo‘ja.
“Sherzodxon Qudratxo‘ja, to‘g‘ri o‘sha davrda rektor bo‘lmagandirsiz, orden olmagandirsiz, ammo biz sizni telekanalda o‘sha davrda taniganmiz. Chekka viloyatda o‘tirib sizning sharhlaringiz, informasion dasturlardagi reportajlaringizni ko‘rib jannatda yashayotganimizga ishonganmiz. Qarang-a, siz ham Yulduz opaga o‘xshab ich-ichingizdan ezilgan ekansiz-da”, deb yozdi Xalqaro kimyo universiteti professori Gulnoza Odilova.
Jurnalist Karimberdi To‘ramurod rektorning fikrlariga qo‘shilganday bo‘lib, Karimov ichkaridagilar (tahr. qamoqdagilar) sonini tashqaridagilar bilan teng qilmoqchi bo‘lganini aytdi.
“Otasining bitta orzusi amalga oshmay qoldi, umri tugab qoldi: ichkaridagilarning sonini tashqaridagilarning soniga teng qilmoqchi edi!” dedi u.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova esa o‘tganlarni yomonlash, ularning kamchiliklarini qidirish faqat O‘zbekistonda borligidan nolib, izoh yozdi.
“O‘tganlarni yomonlash, kamchiligini topishga ustalar bir o‘zlari ularning o‘rnida bo‘lishganida bilishar edi. Eh, u insonni boshiga tushgan ishlar hech kimning boshiga tushmasin. Faqat bizni davlatda oldingilarni gapirish bor”, dedi maqom ijrochisi.
Yuzlab bunday izohlarga javoban Sherzodxon Qudratxo‘ja raddiya berib, bir kun avval yozilgan postiga shuncha munosabat bo‘lishini kutmaganini, negativ yozganlarning fikri ham qiziq ekanini aytdi va aynan bugungi zamona sharoiti oldingi davrdan farqli ravishda hurfikrlikni yuzaga keltirganini da’vo qilib, haqorat bo‘lmasa, hamma tanqidga chidashini bildirib, unga yo‘nalgan savollarga uch asosda javob berdi.
“Javoblarim qo‘yidagicha: birinchidan, men hech kimga qarshi yozmadim, siyosatshunos olim sifatida boshqa fikrga o‘z fikrim va pozisiyamni bildirdim (axir mumkin-ku), ikkinchidan, o‘lganlar to‘g‘risida odatda yomon gapirilmaydi, ammo bu holatda gap oddiy mo‘min, musulmon to‘g‘risida ketmayapti, biz siyosatshunoslik va tarix fani doirasida doimo marhum qirollar, imperatorlar, sarkardalar, podshohlar, prezidentlar, bosh vazirlar, vazirlar faoliyati va umrini keys sifatida o‘rganamiz. Unda insoniyatga nega na tarix, na siyosatshunoslik, na falsafa fanlari kerak ekan? Uchinchidan, o‘sha davrda bitta men emas, hech kim hech narsa gapirolmagan, ozgina gapirishga jur’at qilg‘onlar yo qamalib qutilgan, yo O‘zbekiston Qahramonlari bo‘lsa ham barcha kursilaridan yiqitilgan, quvilgan, odamlar ham ko‘rishmaydigan qilib qo‘yilgan, ba’zilar esa hatto jismonan yo‘q qilingan”.
Rektor o‘shbu keysda SSSR rahbari Nikita Xrushchyov bilan bo‘lgan voqeani esladi.
“Stalin o‘lgandan so‘ng 20-s’ezdda Nikita Xrushchyov uning zulmi va yovuzligi haqida doklad qilganida zalda o‘tirgan bir odam o‘tirgan joyidan baqirgan ekan “Xo‘sh, nega o‘sha payt gapirmagansiz deb? Xrushchov: “Kim u? Turing”, debdi. Sukunatmish. Shunda Nikita Sergeevich aytgan ekan: “Ko‘rdingizmi? biz ham qo‘rqqanmiz o‘shanda, jim yurganmiz”.
Qudratxo‘ja bugunga kelibgina gapirayotgani, og‘zi, o‘zi botir bo‘layotganini ta’kidladi va buni siyosatdan nari, rahbarni ilohiylashtirgan nostalgik kayfiyatdagilar qatlami tushunmasligini, ammo repressiyalarda yaqinini yo‘qotganlar, “shu zulmat yillarda quvilganlar”, ularning oilalari, farzandlari rektorni bittada tushunishini aytdi.
“Xonadonida yillab aza tutgan, motamda yurganlar, ezilganlar meni tushunadi. Xoh u akademik bo‘lsin, xoh biznesmen, xoh fermer, xoh oddiy dindor, yo imom. Tarixni va uning qora kunlarini shuncha unutganimiz yetar endi, bunday kunlar yana qaytmasligi uchun ham eslashimiz, bilishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zi so‘nggida O‘zbekiston Suriya emas, Malayziya, Koreya, Yaponiya, Singapur kabi bo‘lishiga intilib yashash kerakligini ta’kidladi.